18 +  RSS  E-mail
10:59, 24 09 2019

Gʻijduvonda shamol elektrostantsiyasini qurishga kirishildi


Deyarli har kuni vohamizda obod maskanlar, koʻrkam bino va inshootlar, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari foydalanishga topshirilayotgani xalqimiz turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida yangi darajaga koʻtarilgan doʻstona munosabat tufayli “Bir makon-bir yoʻl” tamoyili asosida keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirishga kirishildi.

Jumladan, yurtimizda muqobil energiya manbalarini yaratish borasida ham Xitoyning yirik “Liaoning lider” korporatsiyasi bilan oʻzaro memorandum imzolangan. Unga koʻra birinchi bosqichda 240 million AQSh dollari qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyasini kiritish hisobiga 200 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan shamol elektrostantsiyasi qurilishi koʻzda tutilgan.

Eʼtiborlisi, mamlakatimizda birinchi hisoblangan ushbu shamol elektrostantsiyasi loyihasi doirasida Gʻijduvon tumanining “Qutchi” massivida shamol tezligini oʻlchash qurilmasi-MAChTAlarini ishga tushirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Sohaga tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xorij davlati korporatsiyasi mutasaddilari, viloyat jamoatchiligi ishtirok etgan marosim avvalida Qurʼon tilovat qilinib, boshlagan ish samarali kechishini tilab, duoga qoʻl qoʻl ochildi.   

— Mazkur loyiha shu yil 30-31 mart kunlari oʻtkazilgan “Bukhara investment forum-2019” Xalqaro forumida “Liaoning lider” korporatsiyasi prezidenti hurmatli Chjan Yuylyan janoblari bilan imzolangan memorandumga muvofiq amalga oshirilmoqda, — dedi viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev tadbirda yigʻilganlarni tarixiy sana bilan qutlarkan. — Darhaqiqat, ushbu loyiha boʻyicha uch bosqichda jami 1,8 milliard AQSh dollari miqdoridagi investitsiya hisobiga 1500 MVtli shamol elektr stantsiyasi quriladi. Shu maqsadda 2019 yil 14 iyun kuni Gʻijduvon tumanida “Liaoning lider Gijduvan Vaynd Anerjee” xorijiy korxonasi roʻyxatdan oʻtkazilib, loyihani amalga oshirish uchun “Baraka” MFY hududidan 6 ming gektar yer maydoni biriktirib berildi. Umid qilamizki, mazkur loyiha yurtimiz, ayniqsa Buxoro viloyati iqtisodiyoti rivojiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatib, energetika sohasida yangi davrni boshlab beradi.

Shundan soʻng “Liaoning lider” korporatsiyasi prezidenti Chjan Yuylyan janoblari, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Alisher Abdualiyev, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari Feruz Qurbonovlar soʻzga chiqib, loyiha istiqboli, tashkil qilinadigan yangi ish oʻrinlarida band boʻladigan yosh mutaxassislar malakasi xususida toʻxtaldilar.

Tantanali marosimda lenta kesilib, qurilish ishlariga rasman ruxsat berildi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.