18 +  RSS  E-mail
10:56, 24 09 2019

“AIST House”dagi ahvol oʻnglandi


Yaqinda telegram ijtimoiy tarmogʻidagi @Hilolnews kanalida “Sobiq madrasa maishatxonaga aylantirildi” degan xabar eʼlon qilindi.

Xabarda keltirilgan voqelikning nechogʻli haqiqatligi mutasaddilar ishtirokida oʻrganildi.

XIX asr ikkinchi yarmida barpo qilingan va “Domullo Hasan madrasasi” nomi bilan faoliyat yuritgan tarixiy bino hozirgi paytda 12 nomerdan iborat “Aist” mehmonxonasi sifatida Buxoro shahrining Eski shahar qismida, Xoʻja Porso koʻchasi, 1-uy manzilida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Madaniy meros obʼekti mahalliy tadbirkorlar “Aist plyus” MChJ rahbari Said Poʻlotov hamda “AIST House” choyxonasi rahbari Feruz Azimovlarga ijara asosida rasmiylashtirib berilganidan soʻng qayta taʼmirlangan.

Albatta, bu jarayonda uning asl koʻrinishiga, milliyligiga ziyon yetkazilmagan, devorlarida oʻsha davrga oid tarixiy suratlar aks etgan, mehmonlar uchun bepul “WiFi” xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Hovli qismida esa yaqindagina faoliyatini boshlagan “AIST House” choyxonasi sayyohlarga choy, kofe, salqin ichimliklar, kokteyl, shuningdek, holva, parvarda, pashmak kabi milliy shirinliklarni sotish bilan shugʻullanib kelmoqda.

Shu muddat ichida tadbirkor Feruz Azimov bu yerga keladigan mijozlarga yuqoridagi mahsulotlar bilan bir qatorda pivo ichimligi va chilim (kolyan) sotganligini tan oldi. Albatta, bu qadimiy madaniy merosimiz boʻlmish tarixiy madrasa uchun juda nooʻrin, dinimizda ham qoralangan xunuk holat. Qolaversa, sharif shahrimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlarning aksari musulmon davlatlari fuqarolari ekanini mulohaza qilsak, madrasa-masjidda spirtli ichimliklar savdosi va isteʼmoli milliy mentalitetimizga ham mutlaqo zid. Feruz Azimov bunday noxush holat boshqa takrorlanmasligiga vaʼda berdi.

Endilikda bu choyxonada  faqatgina milliy shirinliklar, choy va qahva sotiladi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.