18 +  RSS  E-mail
10:42, 20 09 2019

Soliqlarni oʻz vaqtida toʻlang, penyaga hojat qolmasin!


Mahalla fuqarolar yigʻini hamda jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhi joylarda uyma-uy yurib, Soliq kodeksining 272- va 287-moddalariga asosan egaligida soliq solinadigan mol-mulki va yer uchastkalari boʻlgan jismoniy shaxslar hamda dehqon xoʻjaliklari egalari yer soliqlari toʻlovchilari hisoblanishi keng tushuntirilmoqda. Qolaversa, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlarni sayyor kassalar orqali toʻlash imkoniyati yaratilmoqda.

Jumladan, Buxoro shahridagi “Navroʻz” MFYda 1450 ga yaqin xonadon bor. Ularning 1123 tasi mol-mulk va yer soliqlarini toʻlovchilardir.

Kuni-kecha ishchi guruhining ushbu mahallada olib borgan tushuntirish va targʻibot ishlari natijasida madaniyatli soliq toʻlovchilar mol-mulk va yer soliqlarining oxirgi muddati — 15 oktyabrni kutmay, soliq toʻlovlarini shu kunning oʻzida “Turon bank” va “Pochta xizmati”ning shahar boʻlimlari tomonidan tashkil etilgan sayyor kassalari orqali toʻladilar.

Hududdagi 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Mahmud Torobiy hamda Mutal Burhonov mahallalaridagi oʻrganishlar ham natija berdi. Uy-joylari, shuningdek, mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega boʻlgan jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashlari kerakligi atroflicha tushuntirildi.

Maʼlumot oʻrnida, bugun viloyatdagi soliq toʻlovchi jismoniy shaxslar soni 120 ming nafarga yaqin. Respublika Soliq kodeksining 272- va 287-moddalariga asosan egaligida soliq solinadigan mol-mulki va yer uchastkalari boʻlgan mazkur jismoniy shaxslar hamda dehqon xoʻjaliklaridan qariyb 108 milliard soʻmlik mol-mulk  va yer soliqlari undirilishi koʻzda tutilmoqda.

Ammo afsuski, oʻtgan yili viloyatda soliq majburiyatini oʻz muddatida bajarmagani uchun 8200 nafarga yaqin ana shunday soliq toʻlovchiga nisbatan qariyb 2,5 milliard soʻm soliq qarzi sud orqali undirilishiga erishildi. Joylarda aholi bilan uchrashuvlarda oʻz vaqtida toʻlanmagan soliq toʻlovlariga yangi yilning 1 yanvaridan boshlab soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddatlarini buzganlik uchun undiriladigan penya miqdori 0,033 foizdan 0,045 foizga oshirilgani ham tushuntirilmoqda.

Zero, har bir hududdan undirilgan soliqlar faqat oʻsha hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga, aholining ijtimoiy muhofazasiga sarflanadi. Eslatib oʻtamiz, soliq toʻlovlarini elek¬tron usulda, ijtimoiy tarmoqlardagi mobil ilovalar orqali ham amalga oshirish imkoni mavjud.

Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.