18 +  RSS  E-mail
10:47, 20 09 2019

Maqsad — jadid bobolar boshlagan ishni yakunlash


2019 yil 14 sentyabr kuni  Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtib, unda asosan ikkita masala koʻrib chiqildi. Birinchisi  “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqish masalasidir.  Maʼlumki  bu tashkilot  2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TDHK) aʼzolari sanaladi. Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qoʻmitasi, Oqsoqollari kengashi va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida (Turkiya Respublikasi) joylashgan.

Qonunning muhokamasi vaqtida senatorlar Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik chuqurlashib borayotganligini qayd etib, unga Oʻzbekistonni aʼzo boʻlib kirishi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek Tashkilotga aʼzo boʻlish tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishi, moliya va bank operatsiyalarini soddalashtirishga qulay shart-sharoit yaratadi. Shu sababli qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatorlar tomonidan “Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Qoʻshma qarorini tasdiqlash haqidagi masala ham koʻrib chiqildi. Senat aʼzolari bu masala  xalqimiz uchun dolzarb va oʻta muhim ekanligini alohida  taʼkidladilar. Dabdabali toʻy va marosimlarga barham berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga asosan senatorlar va deputatlar fuqarolar yigʻinlari faollari tomonidan  tushuntirish tadbirlari oʻtkazilgan boʻlsada, bu  sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolganligi koʻrsatib oʻtildi.

Senatorlar  bunday holatlarga barham berish, aholi, ayniqsa, yoshlarda bu masalaning mohiyati va ahamiyati haqida toʻgʻri tushuncha hosil qilish maqsadida qatʼiy choralar koʻrish muhim ekanligini taʼkidlashdi. “Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaror 59 senatorning ovozi bilan qabul qilindi. Shuningdek, qaror bilan toʻy va maʼrakalarni tashkil etish bilan bogʻliq Nizom ham tasdiqlandi.

Mazkur Nizom talablariga koʻra oilaviy tadbirlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oraligʻida oʻtkaziladi. Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qoʻshaloq toʻy-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin. Dafn etish va motam marosimlari koʻpi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.

Nizomga asosan oilaviy tadbirlarni oʻtkazishda quyidagi talablarga rioya etish shart: Birinchidan,  toʻy-hashamlarni oʻtkazuvchi shaxslar tadbirlarni oʻtkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qilishi kerak. Ikkinchidan, nikohni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kelin-kuyovning toʻyxonaga kelishi va ketishi bilan bogʻliq oilaviy tadbirlarda 3 tadan koʻp boʻlmagan yengil avtomashinada oʻtkazilishi kerak.

Uchinchidan, oilaviy tadbirlarda (dafn etish marosimidan tashqari) pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega boʻlmagan tashuvchilar tomonidan koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Toʻy egalarining shaxsiy avtomashinalari va homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalariga nisbatan bu tartib qoʻllanmaydi. Toʻrtinchidan, shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik shart. Beshinchidan, mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qatʼiy amal qilish kerak.

Shuningdek, oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda maʼruza koʻzda tutilgan boʻlsa, ushbu maʼruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan oʻqiladi. Milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qoʻshimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota koʻrdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “togʻora yuborish” va hokazolarni) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Dafn etish va motam marosimlari bilan bogʻliq ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) oʻtkazishga ham yoʻl qoʻyilmaydi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash hammamizga bogʻliq. Zero, bu borada Qonunchilik palatasi deputati Azamat Ziyo Oʻzbekiston Respublikasi  Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasi Kengashlarining qoʻshma majlisida fikr bidirib qoʻyidagilarni bildirgan: “Bizni yaxshi tashabbuslarimiz doim koʻp boʻlgan, lekin eng katta kamchiligimiz qogʻozda qolib ketgan. Qonunlarimizning va qabul qilgan qarorlarimizning ishlamasligida. Bunaqa yigʻilishlarda hammamiz bir-birimizni qoʻllaymizda chiqqanimizdang keyin koʻpchilikni esidan chiqib ketadi. Xolbuki oʻsha bir yil oldingi Senatning va mahalliy kengashlarning boshlagan ishlari yomon emasdi. Faqat biz uyushmagan millat boʻlganimiz uchun hal qilolmadik.”

Nizom talablariga rioya qilish yuzasidan nazorat olib borish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari zimmasiga yuklatildi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nega jadid bobolarimizni bu boradagi ishlari yakunlanmay qolgan? Zero, Abdurauf Fitrat oʻzining “Oila” asarida toʻy-marakaga oid muammolarga batafsil toʻxtalgan. Abdulla Avloniy “Oʻzbek xalqini toʻy balosidan qutqaring!” degan chaqiriq bilan chiqqan. 1917 yilda Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarligida maʼrifatparvarlar “Shoʻroyi islom”ning toʻy-hashamlar, maʼraka va marosimlar, oilaviy tadbirlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz oʻtkazish yuzasidan qaror qabul qilgan. Nega bu chora-tadbirlarning natijasi kam boʻlgan?  Nizom faqat tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib qolmaydimi? Nizom talablarini buzganlarga qanday choralar koʻriladi? Mazkur nizom yuzasidan kelgusida albatta koʻplab fikr-mulohazalar boʻladi va savollar tugʻiladi. Nazarimizda nizomga rioya etishda ziyolilar, amaldorlar, mulkdorlar, ulamolar va davlat xizmatchilari oʻrnak boʻlmogʻi kerak.

Abdishukur OMONOV,

Qashqadaryo viloyati hokimligi yuridik xizmati rahbari.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.