18 +  RSS  E-mail
15:13, 19 09 2019

INPS raqamini internetdan ham bilish mumkin


Ishga kirganlar yoki kirayotganlardan buxgalteriyadagilar doim soʻraydigan 3 ta hujjat bor: pasport nusxasi, jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasidan (INPS) nusxa va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR yoki INN) nusxasi.

Koʻpchilik bunday hujjatlar soʻralganda qayerdan olsam ekan, deb boshi qotadi.

Jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻining raqamini bilish juda oson. Har bir fuqaroning shaxsiy identifikatsiya raqami (PIN FL) boʻladi. Bu raqam pasportlarimizda yozilgan. Va eng muhimi PIN FL raqami pasportlarni almashtirgan paytingiz ham oʻzgarmaydi.

Mana shu PIN FL raqami ayni paytda Sizning INPS raqamingiz boʻladi. Yaʼni jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻingiz raqamini pasportingizga qarab ham bemalol bilib olishingiz mumkin

Agar mabodo hali Sizda INPS ochilmagan boʻlsa, unda buni internet orqali ham qilsa boʻladi, albatta “Xalq banki” filiallariga borish shart emas.

Buni my.gov.uz/uz/open-inps  manzili orqali amalga oshirish mumkin. 

Bugungi kunda DXMlarida tashrif buyuruvchilarga davlat xizmatlari bilan birga bu kabi huquqiy tushunchalar ham berib borilmoqda. Zarbdor tuman davlat xizmatlari markazi ham har kuni shunday huquqiy axborotga ega boʻlish istagida boʻlgan fuqarolar bilan gavjum boʻladi. Markaz xodimlari tomonidan har bir tashrif buyuruvchi ochiq chehra bilan kutib olinib, ularning tashrifdan maqsadi bilan qiziqadilar.

Joriy yilda tuman aholisi 989 marta fuqarolarni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish xizmatidan foydalangan.

Mazkur xizmat Vazirlar Mahkamasining 2018 yil  26 martdagi 238-son qarori bilan Fuqaroni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti asosida koʻrsatiladi.  

Eslatib oʻtamiz, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida (JBPT) ishtirok etish ikki shaklda amalga oshiriladi:

ish beruvchilar, shuningdek mehnat faoliyatini mehnat shartnomasi asosida amalga oshiruvchi fuqarolar uchun -majburiy (agar qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa). Hisobga qoʻyishga murojaatni ish beruvchi beradi;

yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xoʻjaliklari aʼzolari, shuningdek boshqa fuqarolar uchun — ixtiyoriy tartibda. Hisobga qoʻyishga murojaatni fuqaro beradi.

2018 yil 1 apreldan quyida bayon etilgan usullardan birida JBPTda hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlarini olish mumkin.

Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etgan holda. Markaz xodimi arizachi nomidan, belgilangan shakldagi anketani elektron tarzda toʻldiradi. Markaz anketa toʻldirilgan vaqtdan boshlab bir soat mobaynida uni Xalq bankiga yuboradi. Xalq banki anketa kelib tushgandan soʻng bir kun ichida Markazga xabarnomani joʻnatadi, Markaz bir soat mobaynida arizachini JBPTda hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.

YaIDXP (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) orqali. Roʻyxatdan oʻtib, tegishli xizmatni tanlagach, anketa mustaqil ravishda toʻldiriladi. Anketa avtomatik tarzda Xalq bankiga yuboriladi. Arizachi undan JBPTda hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi elektron xabarnomani oladi. Portalga har bir bosqichda murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkonini beruvchi funktsional oʻrnatiladi.

Shuningdek quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratish lozim:

a) har ikkala holatda ham xizmatni olish uchun ERI talab etiladi. Markazga oʻzi kelib murojaat etganda ERIni joyida olish mumkin;

b) anketada fuqaroning identifikatsiya raqami (shaxsiy kod) koʻrsatiladi. Agar uning pasportida koʻrsatilmagan boʻlsa, arizachi yashash joyi boʻyicha ichki ishlar organlaridan kodni soʻrab oladi.

v) JBPTda hisobga qoʻyish bepul amalga oshiriladi;

g) davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻla oladi (boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi):

arizachilarda ERI mavjud emasligi yoki uni olishning rad etilganligi;

anketada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi.

Bor gap shu. Zamonaviy texnologiyalar fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida yaratilgan va bundan barchamiz unumli foydalanishimiz kerak.

DXA Jizzax viloyati boshqarmasi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.