18 +  RSS  E-mail
13:32, 18 09 2019

Paxtani oʻz vaqtida va sifatli yigʻib olish uchun qanday choralar koʻrilmoqda?


Bu yil Qashqadaryo viloyatida 3868 fermer xoʻjaligi tomonidan 135 ming 900 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlandi.

Bilamizki, paxta sanoat uchun muhim xom ashyo hisoblanadi. Ammo uni yetishtirish oson ish emasligi ham barchamizga ayon. Bu juda koʻp vaqt va katta mehnat talab etadigan yumush. Dehqonu fermerlarimiz bahorda yerga urugʻ qadasa, shundan to kuzga qadar agrotexnik tadbirlar davom etadi. Kuz esa paxtachilikdagi yanada masʼuliyatli davr. Chunki katta mashaqqatlar evaziga yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda va nest-nobud qilmasdan, sifatli yigʻib olish lozim. Ayni paytda viloyatimizda ana shu ishga kirishildi.

Taʼkidlab oʻtish joiz, avvallari paxta yigʻim-terimi asosan hashar yoʻli bilan amalga oshirilar va bu ishga barcha birdek jalb etilardi. Keyingi yillarda esa majburiy mehnat tushunchasiga barham berilib, paxta hosilini yigʻib-terib olish ham manfaatdor korxona va tashkilotlarning oʻz zimmasiga qoʻyilmoqda. Ayniqsa, joriy yilda Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev paxta yigʻim-terimiga byudjet xodimlari jalb etilmasligini qatʼiy taʼkidladi.

Xoʻsh, shunday ekan, bu yil mamlakatimiz, shu jumladan, viloyatimizda yetishtirilgan hosilni oʻz muddatida va sifatli yigʻib olish uchun qanday choralar koʻrilmoqda? Quyida shular xususida toʻxtalamiz.

MAVSUMIY IShChILARNING ELEKTRON BAZASI ShAKLLANTIRILDI

Ayni paytda viloyatimizda mavsumiy ishchilarni terimga jalb etish, bu ishni tez va tizimli tashkil qilish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Viloyat paxta shtabidan olingan maʼlumotga koʻra, har bir otryad rahbarligiga koʻpni koʻrgan, katta hayotiy tajribaga ega va el orasida obroʻ-eʼtiborli kishilar tayinlanib, ularga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shu bilan bir qatorda, sektorlar kesimida maxsus ishchi guruhlar shakllantirilib, ular tomonidan otryadlarga mavsumiy ishchilarni jalb etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

— Ishchi guruhlar aʼzolari hududlarda uyma-uy yurib, terimda ishtirok etish istagini bildirgan ishchilarning aniq hisob-kitobini olishdi, — deydi shtab boshligʻi Jumanazar Tangirov.  — Har bir ishchi bilan yuzma-yuz suhbat oʻtkazilib, ularning pasport maʼlumotlari asosida maxsus elektron baza shakllantirildi. Bu ishchi kuchini aniq va toʻgʻri baholash hamda terimni tizimli tashkillashtirish, ishlarni taqsimlashda muhim ahamiyatga ega.

Masʼulning taʼkidlashicha, viloyatda umumiy hisobda 2800 ta terim otryadi shakllantirilib, har bir  otryad tarkibiga 100 nafardan terimchi biriktirildi. Bu — mavsumda 280 ming terimchi ishtirok etadi, deganidir. Hisob-kitobga koʻra, agar har bir terimchi mavsum davomida oʻrtacha 1500 kilogrammdan paxta terganida ham, hosilni oʻz vaqtida yigʻishtirib olish imkoniyati mavjud.

Terimchilar uchun yashash joylari hozirlandi

Joriy yilda viloyatimizda paxta yetishtirilmagan yoki kam yetishtirilgan hududlardan 73 ming nafar kishi boshqa hududlarga borib, terim ishlarida ishtirok etadi. Ayni paytda ularning maʼlum vaqt davomida yashashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Xususan, viloyatimizda terimchilar uchun 469 ta vaqtinchalik yashash joylari hozirlangan boʻlib, ularning 7 tasi «Mehnat-rohat» palatkali shaharchalardir. Ushbu shaharchalarning har birida 1000 nafardan terimchining yashashi uchun sharoit bor. Shuningdek, 6500 terimchi uchun  hududlardagi 13 ta pillaxona binolari yashashga moslashtirilib, kerakli qulayliklar hozirlangan. Yana 449 ta bino esa shiypon va baraklardir.

MANFAATDORLIK YaNADA OShIRILDI

Sir emaski, avvallari qoʻlda terilgan paxta uchun juda kam pul toʻlangan. Natijada ishsiz fuqarolar ham terimda ishtirok etib, moddiy daromad olishga qiziqmas, bu yumushga asosan talabalar, byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilishi odatga aylangandi. Vaholanki, ularning oʻz ishlari bor. Ayni vaqtda doimiy ish bilan band boʻlmagan, terimda ishtirok etib, ancha-muncha mablagʻ ishlab olishi mumkin boʻlgan kishilar esa faoliyatdan chetda qolib ketardi.

Soʻnggi yillarda ish bilan band boʻlmagan aholining paxta yigʻim-terimida ishtirok etishga boʻlgan ishtiyoqi oshib borayotgani esa ana shu kamchiliklarning bartaraf qilinayotgani, mehnat uchun munosib haq taklif etilayotgani bilan bogʻliq.

Eʼtibor qiling, 2016 yilda qoʻlda terilgan 1 kilogramm paxta uchun  285 soʻm miqdorida haq toʻlangan boʻlsa, 2017 yilda bu miqdor salkam ikki barobarga oshib, dastlab 450 soʻm, 1 oktyabrdan esa 500 soʻm etib belgilangan edi. 2018 yilda esa paxta xom ashyosining qoʻlda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda 650 soʻm, ikkinchi bosqichda 850 soʻm, uchinchi bosqichda 1000 soʻmdan, ayrim tumanlarda hatto 1300 soʻmga qadar mehnat haqi toʻlandi.

Vazirlar Mahkamasining «2019 yil paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan, joriy yilda terim puli yanada oshirildi. Hujjatga koʻra, paxta xom ashyosining qoʻlda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda — 800 soʻmdan, ikkinchi terimda — 1200 soʻmdan haq toʻlanadi.

Endi oʻzingiz hisob-kitob qilib koʻring, birinchi terimda kuniga oʻrtacha 150 kilogramm paxta tergan kishi 120 ming soʻmni naqd qilib qoʻyadi. Agar oilaning uch aʼzosi birgalikda harakat qilsa, kuniga 360 ming soʻmdan, bir oyda 10 million 800 ming soʻm ishlab topadi. Mavsum davomida esa jamgʻarmani 20 million soʻmdan oshirish imkoniyati mavjud.  Bu qoʻshimcha daromad ishlab topish uchun juda katta imkoniyat aslida. Ahamiyatli tomoni, ana shu imkoniyatni toʻgʻri baholab, terimda ishtirok etish va daromad ishlab topishga harakat qilayotgan yurtdoshlarimiz soni oshib bormoqda.

TERIMChILAR DOIMIY RAVIShDA RAGʻBATLANTIRIB BORILADI

Har yili  faol terimchilarni qoʻshimcha ragʻbatlantirib borish ham anʼana tusini olgan. Ularga mavsum davomida manfaatdor korxona va tashkilotlar tomonidan turli qimmatbaho sovgʻalar, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etib boriladi, maroqli hordiq chiqarishi uchun turli uchrashuvlar, badiiy dasturlar tashkil etiladi.

Bu yil ham mahalliy hokimliklar, kasaba uyushmalari, Yoshlar  ittifoqi va boshqa tashkilotlar tomonidan bu borada bir qator tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ular allaqachon boshlanib ham ketdi. Jumladan, kuni kecha viloyat hokimi tomonidan Koson, Mirishkor va Qamashi tumanlaridagi terim otryadlari rahbarlariga zamonaviy televizorlar topshirildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Albatta, bu kabi chora-tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad mavsumda ishtirok etayotgan terimchilarni yanada ragʻbatlantirish, yetishtirilgan hosilni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay, sifatiga zarar yetkazmay, qisqa vaqt ichida yigʻib-terib olishdan iborat.

Jahongir BOYMURODOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.