18 +  RSS  E-mail
13:37, 18 09 2019

“Lactalis” kompaniyasi Namanganda sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ikki barobar oshirishni rejalashtirmoqda


Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Nestle” kompaniyasining suv qadoqlash va sutni qayta ishlash korxonalarini sotib olgan Frantsiyaning “Lactalis” kompaniyasi vakillarini qabul qildi.

“Lactalis” kompaniyasi bosh direktori Kristian Xuberts qabul uchun viloyat hokimiga oʻz minnatdorchiligini bildirib, “Soʻnggi bor Oʻzbekistonga 2007 yilda kelgandim, shundan beri boʻlgan oʻzgarishlar va yangilanishlar koʻz qamashtiradi” deb oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Lactalis” bugungi kunda sut mahsulotlari ishlab chiqarishda yillik 100 million yevrolik hajmi bilan Qozogʻistonda birinchi oʻrinda turadi. Oʻzbekiston bozori Qozogʻistondan ancha kattaligi hamda bugun investorlar uchun jozibadorlik kasb etishga boshlagani uchun kompaniyamiz bu yerda faoliyat olib borishga qaror qildi”, dedi K.Xuberts.

Sutni qayta ishlash korxonasining ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish hamda bu borada chorvachilik fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlik oʻrnatish uchrashuvning bosh mavzusi boʻldi. “Lactalis” vakillari bugungi kunda viloyat fermer xoʻjaliklaridan kunlik 65-70 tonna sut olayotganliklarini, biroq bu hajmni ikki barobar koʻtarishga tayyorliklarini bildirishdi. Bu borada fermer xoʻjaliklari bilan eksklyuziv asosda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari borasida fikr almashildi.

Viloyat hokimi, paxta va bugʻdoy yetishtirishda klaster usulini keng qoʻllashga oʻtilganini aytib, sut yetishtirish masalasida ham bunday usuldan foydalanish samarali boʻlishini taʼkidladi. Xayrullo Bozorov viloyatda koʻp minglab gektar yaylovlar mavjudligini, chorvachilik sohasida hali foydalanilmagan katta imkoniyat borligini ham aytib oʻtdi.

Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.