18 +  RSS  E-mail
13:28, 18 09 2019

Jondorda xususiy klinika ish boshladi


Mamlakatimizda tibbiyot sohasiga, xususan, xususiy tibbiyotni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayapti. Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi «Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy  sektorni  yanada  rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilinganligi soha rivoji uchun keng yoʻl ochdi. Mazkur qarorga muvofiq Jondor tumanida tadbirkor Oʻktam Samadov tomonidan boʻsh turgan bino qayta rekonstruktsiya qilinib, shinam va barcha qulayliklarga ega tibbiyot maussasasiga aylantirildi hamda «Nevromed» xususiy klinikasi sifatida ishga tushdi.

Ushbu obʼekt qurilishiga tijorat banki tomonidan ajratilgan 220 million soʻm miqdoridagi kredit va loyiha tashabbuskorining 1 milliard soʻmlik mablagʻi sarflandi. Klinikada aholi salomatligini tiklash, kasalliklarga chalinishning oldini olish borasida malakali tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.  Shuningdek, dori-darmon vositalari, zamonaviy tibbiy uskunalar, diagnostika va davolash jihozlari bilan toʻliq taʼminlandi. Bu yerda aholiga nevrologiya, terapiya, fizioterapiya va laborator diagnostika yoʻnalishida xizmat koʻrsatiladi.

Ushbu klinikaning ochilish marosimida ishtirok etgan tuman hokimligi mutasaddilari aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar xususida toʻxtalib, bu kabi zamonaviy klinikalar xalqimiz salomatligi yoʻlida xizmat qilishini taʼkidlashdi.

— Ushbu tibbiyot muassasamiz 35 oʻringa moʻljallangan boʻlib, 17 ta yangi ish oʻrinlari yaratdik, — deydi klinika rahbari Oʻktam Samadov. — Kelgusida faoliyatimizni va ish oʻrinlar sonini yanada kengaytirish maqsadlarimiz bor. Chet eldan zamonaviy tibbiy uskunalar olib kelish borasida kelishuvlar olib boryapmiz.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, xususiy tibbiyot muassasalariga chetdan olib kelinadigan yangi tibbiy asbob-uskunalar uchun bojxona imtiyozlari berilgani ayni muddao boʻldi. Yaratilayotgan bunday sharoitlar xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Klinikaning foydalanishga topshirilishi loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, istiqbolda laboratoriya tahlili va bemorlar yotib muolaja olishini taʼminlash uchun statsionar davolash maskani barpo etish ham rejalashtirilgan. Bu esa qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratish va fuqarolar salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.