18 +  RSS  E-mail
13:33, 16 09 2019

Jizzaxda “yashirin tsex” tashkil qilgan tadbirkor qonuniy faoliyat boshladi


Hozirgi vaqtda yurtdoshlarimiz tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda.

Aholining aksariyat qismi bugun oʻz shaxsiy biznesiga ega desak yanglishmagan boʻlamiz. Bu mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishida kichik biznes va tadbirkorlikning asosiy salmoqni egallayotganida ham koʻzga yaqqol tashlanadi. Shu boisdan yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Kichik biznes bilan shugʻullanish istagida boʻlganlarga esa kredit mablagʻlari ajratish yengillashmoqda. Xattoki, tadbirkorlikni oʻrgatish maktablarining joriy etilishi bu yoʻnalishga koʻrsatilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlarning isbotidir.

Joylarda faoliyat olib borayotgan Davlat xizmatlari markazlarining asosiy vazifasi ham aynan ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning yoʻliga gʻov boʻlayotgan toʻsiqlarni bartaraf etishdan iborat. Tadbirkorlik boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtish uchun 10-15 daqiqaning oʻzi yetarli. Kerakli hujjatlar taxt boʻlsa siz 10 daqiqa ichida guvohnomani qoʻlga olib tadbirkorlik faoliyatingizni boshlashingiz mumkin.

“Guruch kurmaksiz boʻlmaydi” deganlaridek tadbirkorlar orasida yashirin tsex tashkil etib, noqonuniy faoliyat yuritayotganlar ham uchrab turadi. Ularning faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish maqsadida qonunchilikka muvofiq zarur profilaktik tadbirlar amalga oshirilishi natijasida tadbirkorlikni qonuniy tartibda rasmiylashtirilishiga erishilmoqda.

Sh.Rashidov tumani “Sovungarlik” mahallasida  istiqomat qiluvchi  Abdulaziz Abdujabborov oʻz xonadonida noqonuniy qurilish mollarini ishlab chiqarib kelayotganligi holati soliq organlari tomonidan aniqlandi. Holat yuzasidan soliq inspektsiyasi tomonidan taʼsir choralari koʻrilmasdan aksincha, fuqaroga tadbirkorlik borasida yetarli tushuntirish ishlari olib borildi.

Tushuntirish ishlaridan soʻng faoliyatni qonuniy tartibda tashkil etishga qaror qilgan tadbirkorni rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish maqsadida Sh.Rashidov tuman DXM xodimlari uning xonadonida boʻldilar. Mutaxassislar tomonidan zarur hujjatlar bazaga kiritilib shu yerning oʻzida “Muxiddin-Asadullo fayz baraka” oilaviy korxonasi tashkil etildi. 

Maʼlumot oʻrnida: joriy yilning shchtgan davri mobaynida shahar va tumanlar davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 299 ming 564 ta tadbirkorlik subʼektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, shundan 50 ming 153 tasi Sh.Rashidov tuman DXM hissasiga toʻgʻri keladi.

Umid QALQONOV,

Sh.Rashidov tuman DXM mutaxassisi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.