18 +  RSS  E-mail
13:15, 12 09 2019

Ichimlik suvi taʼminotidagi eng ogʻir vaziyat Jizzax viloyatining qator aholi punktlarida yuzaga kelgan


Viloyat aholi punktlarining yarmidan koʻpi markazlashtirilgan suv taʼminoti bilan taʼminlanmagan. Suv olish inshootlarining aksariyati oʻtgan asrning 70-80 yillarida qurilgan hamda juda eskirib ketganligi oqibatida ularning quvvati 3 barobardan koʻpga qisqargan.

Zararsizlantiruvchi uskunalarning mavjud emasligi natijasida kimyoviy va bakteriologik koʻrsatkichlar boʻyicha ichimlik suvi yuqori darajada ifloslanishi kuzatilmoqda, bu esa mazkur hududda epidemiologiya vaziyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib kelayapti.

Ayniqsa Jizzax viloyatining Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari va Jizzax shahrida aholi oʻrtasida oʻtkir ichak kasalliklari ortib borishiga sabab boʻlayapti.

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining  2018 yil 4 maydagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridan).

 HAYOT MANBAI

Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, inson tanasining 70 foizi suvdan iborat. Bu hol suvning inson organizmi uchun hayotiy omil ekanligini koʻrsatadi. Odamzod  hech narsa isteʼmol qilmasdan  ikki oy yashashi mumkin. Biroq, har qanday kishi suvsiz bir hafta ham hayot kechirolmaydi. 

Ichimlik suvi taqchilligi  sezilayotgan viloyatimizda  bu borada  yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Birinchidan aholiga toza ichimlik suvini yetkazib berishda jiddiy muammolar boʻlsa, ikkinchidan yetkazib berilayotgan obi-hayotdan xoʻjasizlarcha foydalanilayotganligi ham bor haqiqat.

Bugungi kunda  viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi bor imkoniyatlarni ishga solish evaziga yilning oʻtgan davrida aholiga  16 million metr kubdan ziyodroq ichimlik suvi yetkazib berdi.  Keltirilgan raqamning oʻzi ham aholining obi-hayotga  boʻlgan talabni naqadar yuqoriligini koʻrsatib turibdi.

Shunga qaramasdan, isteʼmolchilar ichimlik suvidan koʻr-koʻrona, xoʻjasizlarcha foydalanayotganligi tashvishlanarlidir.

Viloyatning bir qator aholi punktlarida  ichimlik suvi taʼminotida eng ogʻir vaziyat  yuzaga kelgan.  Buning ustiga viloyatimizdagi 519 qishloqlarning yarmidan koʻpi  markazlashtirilgan suv taʼminotiga ega emas.

Viloyatdagi suv olish inshootlarining aksariyati juda eskirgan.  Ana shuning natijasida mavjud inshootlar aholiga yetarli darajada ichimlik suvi yetkazib bera olmayapti. Bu hol aholining 28 foizini hamon quduq va buloq suvlaridan foydalanishga majbur qilmoqda.

Ayni paytda  Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari aholisining 46 foizi isteʼmol qilayotgan  ichimlik suvi davlat standartlariga mos boʻlmagan, ichishga yaroqsiz boʻlgan yer usti suv manbalaridan foydalanadi. Ichimlik suvining umumiy qattiqligi davlat standarti boʻyicha 7 mg-ekv/literdan oshmasligi kerak. Biroq, bu hol Gʻallaorol, Paxtakor, Doʻstlik tumanlarida 10, Jizzax shahrida 10,2, Sh.Rashidov va Mirzachoʻl tumanlarida esa 13 mg-ekv/literni tashkil etayapti.

Yuzaga kelgan muammolarning hammasi shugina emas. Hozirgi kunda  65 ta qishloqlardagi 43 ta alohida ichimlik suvi quduqlarining 25 tasi suv debiti yoʻqligi tufayli ishlamaydi. Mutaxassislarning tahlillariga koʻra  2017 yilda umumiy olingan ichimlik suvi sutkasiga 12,1 ming kub metrni tashkil etdi. Bu hol 2000 yildagiga nisbatan 68,8 foizga kamayib ketganligini   koʻrsatadi.  Jizzax shahri va 65 ta qishloqlardagi 1850,4  kilometrli ichimlik suvi tarmoqlarining 1182,9 kilometri, yoki boshqacha qilib  aytganda  64 foizi rekonstruktsiyaga muhtoj.

Loyiha va yechim

Prezidentimizning 2018 yilning 4 mayidagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi  qarori  yuzaga kelgan muammoni hal etishning muhim omili boʻldi.

Bu viloyatdagi ijtimoiy sohani isloh qilish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan tizimli tadbirlar koʻlamini kengaytirish imkonini berdi. Ayni damlarda sohada olib borilayotgan tadbirlar qishloq joylarida istiqomat qilayotgan aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashning yangicha tizimini vujudga keltirayotir.

— Prezidentimiz qaroriga asosan qiymati 470 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirilayotir,-  deydi  “Suv taʼminoti va oqava suv obʼektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi  Miraxmad Qoratoyev.-Ushbu loyihaga asosan umumiy uzunligi 183 kilometr boʻlgan suv tarmogʻi, suv koʻtarish va tozalash inshooti, 100 ming metr kub sigʻimli suv saqlash inshooti qurilishi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatining ichimlik suvi taʼminoti tizimini yaxshilash” loyihasini amalga oshirilishi hisobiga Baxmal, Gʻallaorol, Sh.Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari hamda  Jizzax shahrida yashovchi 860,7 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suvi taʼminoti tubdan yaxshilanishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda qurilish maydonlarida ish qizgʻin bormoqda. Ushbu loyihani amalga oshirishga 60 dan ziyod mashina va mexanizmlar jalb etilgan. Qurilish obʼektida faoliyat koʻrsatayotgan 162 nafar malakali mutaxassislar va ishchilarning unumli mehnat qilishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Olib borilgan izchil tadbirlar natijasida hozirgacha  mazkur gigant inshootda 78 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

— “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatining ichimlik suvi taʼminoti tizimini yaxshilash” loyihasini  asrimizning eng dolzarb  qurilishlaridan biri deyish mumkin, — deydi viloyat “Suvoqava” unitar korxonasi matbuot markazi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi Parda Shukurov. — Ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti qamrovi Jizzax shahrida 95,2 foizga, loyiha doirasidagi 65 ta qishloqlarda esa  29,2 foizga yetkaziladi.

“ZARAFShON” DARYOSI SUVI 102 METRGA KOʻTARILADI

Shu kunlarda “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatining ichimlik suvi taʼminoti tizimini yaxshilash” loyihasi doirasidagi ishlar qizgʻin pallaga kirdi. Loyihaga koʻra Zarafshon daryosining suvi qudratli nasoslar yordamida 102 metr balandlikka koʻtarilib, maxsus hovuzlarga tashlanadi.

Mazkur obʼektdagi oʻta muhim qurilish-montaj ishlari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aktsiyadorlik jamiyatining maxsus qurilish tashkiloti tomonidan amalga oshirilmoqda.

“Suv taʼminoti va oqava suv obʼektlari qurilishi boʻyicha injenering kompaniyasi” davlat unitar korxonasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi  Miraxmad Qoratoyevning taʼkidlashicha loyihadagi har bir inshootning qurilish davri, foydalanishga topshirish muddatining aniq reja jadvallari ishlab chiqilgan. Unga koʻra  2018 yilda  suv olish inshooti, suv tozalash stantsiyasi, suv olish inshootidan  suv tozalash inshootigacha  boʻlgan uzunligi 16 kilometrli suv quvurlari va tozalash inshootlaridan uzunligi 20 kilometr boʻlgan magistral suv quvuri  qurildi.

Shuni taʼkidlash joizki, yotqizilayotgan magistral suv quvurlari Olmaliqdagi “Mega mebiko” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshidagi korxonada maxsus buyurtmaga asosan ishlab chiqarildi. Mazkur quvurlar yuqori bosimga bardoshli boʻlib, kafolatli foydalanish muddati 100 yilni tashkil etadi. Hozirgacha loyiha talablariga asosan diametri 1200, 1000, 800 millimetrli shisha tolali plastik quvurlardan uzunligi 39,4 kilometr boʻlgan  suv magistrali yotqizildi.

— Asrimizning muhim inshooti qurishida faoliyat koʻrsatayotganligimdan faxrlanaman, — deydi “Mega mebiko” masʼuliyati cheklangan jamiyati ekskavator mashinisti Zokir Xoliqov. — Har birimiz nechogʻli muhim inshootdan mehnat qilayotganligimizni yaxshi bilamiz. Amalga oshirayotgan ishimiz transheya qazishmi, quvur yotqizish boʻladimi uni belgilangan muddatda, talab etiladigan texnologiya asosida sifatli bajarayapmiz. Chunki, bu tarmoqdan oʻta yuqori-15 atmosfera bosimi ostida suv oqadi. Shuning oʻzi ham zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi.   

Ana shunday iliq soʻzlarni  bu yerda mehnat qilayotgan ekskavator mashinisti Komil Normamedovdan, montaj ustalari Usmon Yoʻldoshev, Ivan Galin, Maksim Isayev, Narzulla Safarovlardan ham eshitdik.

ZARAFShON SUVI UZUNBULOQDA TOZALANADI

Uzunbuloq qishlogʻi Jizzax shahridan  chamasi 90 kilometrlar uzoqlikda, Turkiston togʻi etaklaridagi Uchqiz choʻqqisi poyida joylashgan. Shu kunlarda  qishloqning kun botar tomoni katta qurilish maydoniga aylangan.

Bu yerda bir kecha kunduzda 100 ming kub metr suv tozalash quvvatiga ega boʻlgan “Uzunbuloq” inshooti qurilishi jadal surʼatlar bilan borayapti. Quruvchilarning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Asosiy ishlar mashina va mexanizmlar yordamida amalga oshirilayotir.

Oʻta muhim inshoot “Obi-hayot injiniring” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Xorazm filiali quruvchilari tomonidan bunyod etilayapti.  Bu yerda mehnat qilayotgan 70 nafar quruvchilarning barchasi zimmalariga yuklatilgan vazifani sidqidildan uddalashga intilayapti. Xushnud Allamov, Zafar Murodov, Baxrom Qoʻchqorov singari quruvchilarning gʻayrati bilan belgilangan reja topshiriqlar ortigʻi bilan bajarilayotir.

— Ichimlik suvi taʼminotidagi muammolar eng ogʻriqli masalalardan biri edi, — deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Oʻzbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov. -Muammo Prezidentimiznig qarori tufayli yechim topdi. Ichimlik suvi  inshootlarini barpo etish boʻyicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi odamlarning turmushini yaxshilaydi. Atrof-muhit tozaligini saqlashda ham gʻoyat muhim. Bundan tashqari, ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi koʻplab masalalarga yechim topadi.

Shuni taʼkidlash joizki, ushbu loyiha doirasida viloyatdagi 13 ta suv taqsimlash inshooti, 65 ta qishloqning 52 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari rekonstruktsiya qilinadi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi bilan viloyatimiz aholisining asosiy qismi yoki 60 foizdan ortigʻi barqaror toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi. Bu bilan loyiha hududida markazlashtirilgan ichimlik suvi taʼminoti va sanitariya-epidemiologik holatni yaxshilashga erishiladi.

XULOSA OʻRNIDA

Prezidentimizning gʻamxoʻrligi bilan viloyatda ichimlik suvi taʼminotidagi  keskinlik sekin asta chekina boshladi. Endilikda nafaqat Jizzax shahri, balki obi-hayot tanqis  boʻlgan Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari aholisining toza ichimlik suviga boʻlgan talabi yaxshilanadi. Bu aholining yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish barobarida hududlarni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bekpoʻlat TOGʻAYEV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.