18 +  RSS  E-mail
13:04, 12 09 2019

Endilikda tibbiyot tizimida 59 ta kollej hamda 16 ta texnikum faoliyat olib boradi


Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim sifatini yaxshilash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, xalqaro standartlarni yurtimiz taʼlim tizimiga joriy etish hamda innovatsion ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, 2019 yil 6 sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “ Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Farmon ham ayni shu maqsadga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatlidir.

Unga muvofiq, yurtimizda professional taʼlim dasturlari nufuzli xalqaro tashkilot — YuNESKO tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uygʻunlashgan holda ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtiriladi. Xususan, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi. Bu orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlanib, ish beruvchilar keng jalb qilinadi.

Farmonga asosan, boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalariga Xalqaro tasniflagich boʻyicha asosiy taʼlim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash huquqi berildi. Unga koʻra, tizimda mos ravishda boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi.

Ushbu Farmondan kelib chiqqan holda ayni paytda sogʻliqni saqlash tizimidagi 78 ta tibbiyot kollejlari negizida oʻrta professional taʼlim bosqichida — 59 ta kollej, oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichida — 16 ta texnikum joriy etilishi belgilandi. Qolgan uchta kollej esa tugatiladi.

Oʻrta professional taʼlimga yoʻnaltirilgan 59 ta kollejda kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi taʼlim shaklida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichidagi 16 ta texnikumda esa kadrlar tayyorlash kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi taʼlim shaklida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida tayyorlanadi.

Quvonarlisi, ushbu texnikumlarda oʻrta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.

Tibbiyot yoʻnalishida 2020/2021 oʻquv yilida tashkil etiladigan texnikumlar roʻyxati quyidagi tartibda boʻladi:

1-Respublika tibbiyot kolleji, Siyob tibbiyot kolleji, Nukus-1 tibbiyot kolleji, Denov tibbiyot kolleji hamda 2-Margʻilon tibbiyot kollejlari Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida;

2-Respublika tibbiyot kolleji, Shahrisabz tibbiyot kolleji, Namangan-1 tibbiyot kollejlari Pediatriya tibbiyot instituti huzurida;

Qarshi tibbiyot kolleji va Urganch tibbiyot kolleji Stomatologiya instituti huzurida;

Buxoro tibbiyot kolleji va Qorakoʻl tibbiyot kollejlari Buxoro tibbiyot instituti huzurida:

Samarqand tayanch tibbiyot kolleji va Urgut tibbiyot kolleji Samarqand tibbiyot instituti huzurida;

Andijon tibbiyot kolleji va Boʻz tibbiyot kollejlari Andijon tibbiyot instituti huzurida texnikum sifatida qayta tashkil etiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.