18 +  RSS  E-mail
13:07, 12 09 2019

Diqqat: Olotda yana bir firibgar!


“Luqmai halol”-yurtimizda yetti xazinaning biri baliqchilik bilan shugʻullanayotgan xoʻjaliklar moddiy manfaatdorligini oshiribgina qolmay, el dasturxoni moʻl-koʻlligiga hissa qoʻshmoqda, parhez va tansiq mahsulotga boʻlgan talabni imkon qadar qondirmoqda.

Darvoqe, aynan bu sohaga boʻlgan qiziqish va talabning kuchaygani ayrim “uddaburro-hojatbarorlar”.uchun ham ayni muddao boʻlmoqda. Odatda, bundaylar biroz sodda va ishonuvchan “oʻlja”ni qoʻlga kiritish payida boʻlishadi.

Navoiy viloyatining Konimex tumanida istiqomat qiluvchi, 1971 yilda tugʻilgan Temur Ikromov (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) ham ana shunday goʻl va sodda tadbirkor-havasmandlarga “qarmoq” tashlaganlardan ekan. Moʻmay boylik orttirishni koʻzlagan bu yigit Olot tumani, “Pichoqchi” MFYda yashovchi Oybek Zuhurov hamda shu qishloqlik Farhod Zaripovlarni boplab chuv tushirdi.

Viloyat IIB matbuot xixzmatining xabar berishicha, tumanning “Qirlishon” MFYda joylashgan “Jigdali” choʻl massividagi koʻl hududidan alohida yer maydoni olish taraddudida boʻlgan yigitlar uchun navoiylik “hojatbaror”ning taklifi sariyogʻday yoqib tushgandi. Ammo har qanday “xizmat” uchun toʻlash kerak !

Tovlamachi yigit “tomonlar bilan muzokara”ni oʻrniga qoʻyib, shu yilning aprel oyi oxirlarida oʻzining “Ravshan” va “Abbos” ismli tanishlari orqali olotlik “xaridorlar”dan jami 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni naqd olib, koʻzdan gʻoyib boʻlgan. Osmondan ”chalpak” yogʻishiga astoydil umidvor Oybek Zuhurov va Farhod Zaripovlar esa nihoyat kutishdan charchab, tuman prokuraturasiga arz bilan borishdi.

Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksininng 168-moddasi 3-qismiga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bu voqea har turli qingʻir yoʻllar bilan tadbirkorlikka havas qilganlar uchun saboq boʻlsa ayni muddao.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.