18 +  RSS  E-mail
10:50, 11 09 2019

Navbahor tumanida zamonaviy va koʻrkam sud binosi foydalanishga topshirildi.


Fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo va Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Marosimda viloyat, tumanlararo (tuman) sudlari raislari, sud’ya va sud xodimlari, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy va yoshlar ishtirok etdi.

Binoning tantanali ochilishini viloyat hokimi K.Tursunov tabrik soʻzi bilan boshlab berdi. Viloyat hokimi qisqa muddatda mazkur binoning foydalanishga topshirilishi nafaqat soha xodimlariga, balki, fuqarolar uchun ham bir qator qulayliklar yaratilganligini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov Navbahor tumanidagi zamonaviy va koʻrkam sud binosining foydalanishga topshirilishi bilan barchani qutladi va Prezidentimiz tomonidan sudlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor odil sudlovni amalga oshirish hamda sudlarni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashda muhim omil boʻlayotganligini alohida aytib oʻtdi.

“Tayanch qurilish servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 4 milliard 600 million soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga qurilgan mazkur binoda nafaqat sud’ya va sud xodimlari uchun balki fuqarolar uchun ham barcha zamonaviy sharoitlar mavjud. Alohida sud qabulxonasi barpo etilib, fuqarolarning kutib turishi va ularni qabul qilish uchun yetarli qulaylik yaratilgan. Xususan, fuqarolar va ularning arizalarini qabul qilish, ona va bola, tibbiyot xonalari sudga murojaat qilgan fuqarolar uchun qulay qilib jihozlangan.

Bundan tashqari, videokonferentsaloqa tizimi orqali sud majlislarini “onlayn”, yaʼni toʻgʻridan toʻgʻri koʻrish imkoniyati mavjud. Qabulxonaga biron-bir cheklovlarsiz kirib chiqish ham alohida eʼtiborga olingan. Bu yerda oʻrnatilgan maxsus monitor orqali fuqarolar sud ishini qaysi sud’ya koʻrib chiqishi va sud majlisining boshlanish vaqti bilan “onlayn” tanishib olishi mumkin. Bu esa sudning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.