18 +  RSS  E-mail
14:35, 10 09 2019

Qashqadaryoda Hindistonning nomdor klinikalari filiallari ochilishi mumkin


Sir emas, aholimiz ayrim kasalliklarni davolash uchun va murakkab operatsiyalarga ehtiyoj sabab chet el klinikalariga, ayniqsa, hind tibbiyotiga murojaat qilishga majbur boʻlishadi.

Bu vaziyatni inobatga olgan holda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida 20 dan ortiq davlatdan taklif etilgan 30 dan ziyod xorijiy investorlar ishtirokida oʻtkazilayotgan xalqaro biznes forum davomida mamlakatimizga hindistonlik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham muzokaralar olib borildi.

Keyinchalik viloyat hokimligi majlislar zalida ham Hindiston Respublikasining “Xalqaro biznes palatasi” rahbari janob Manpret Singx Nagi va viloyat hokimi Zafar Roʻziyevlar ishtirokida kelishuv muzokaralari boʻlib oʻtdi.

— Bizning yurtimiz dorivor giyohlarga boy hudud, — dedi viloyat hokimi. — Ayniqsa, togʻli hududlarimizda koʻplab dorivor va foydali oʻsimliklarni kuzatish mumkin. Keling, xalqimizni ehtiyoji va yurtimizning boy tabiatini xisobga olib, nomdor klinikalaringiz filiallarini shu yerda ochaylik. Shuningdek, viloyatimizda dori-darmon ishlab chiqarish va hind maktablarini ochish boʻyicha ham muzokaralar olib borish uchun biz ham Hindistonga borish niyatidamiz.

Viloyat hokimi tomonidan bildirilgan takliflar ham janob Manpret Singx Nagiga maʼqul keldi. Yurtimiz imkoniyatlarini oʻrganish ishlarini olib borish maqsadida shu oy oxirida 20 kishilik delegatsiya bilan viloyatimizga tashrif buyurishini taʼkidladi. Dorivor giyohlar ishlab chiqarish va qadoqlash yoʻnalishi boʻyicha ikki tomonlama alohida loyiha ishlab chiqish va rivojlantirish maqsadi borligini ham yashirib oʻtirmadi.

Shuningdek, sanoatni jadal rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va innovatsion ishlanmalarni amaliyotda keng qoʻllash sohalarida ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.

Maʼlumot oʻrnida, Shahrisabz shahri ham joriy yilning 27-28 sentyabr kunlari xorijiy investorlar bilan mahalliy tadbirkorlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, viloyatning investitsiya salohiyatini targʻib qilish hamda biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar bilan tanishtirish maqsadida oʻtkazilayotgan xalqaro biznes forumga mezbonlik qiladi.

Ahror SODIQOV,

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.