18 +  RSS  E-mail
14:30, 10 09 2019

“Eurasia business hotel” — Buxoroda yangi mehmonxona


Mamlakatimiz Mustaqilligining qutlugʻ 28 yilligi kunlarida koʻhna va hamisha navqiron shahrimizda yana bir zamonaviy mehmonxona“Eurasia business hotel” qurib bitkazildi. Buxoro shahrining Qayum Murtazoyev koʻchasi, 1-uyda joylashgan “Eurasia business hotel” MChJ tomonidan barpo etilgan shu nomdagi mehmonxona loyihasining umumiy qiymati 20 milliard soʻmdan oshiqroq. Milliy namunadagi serviqor gumbazli koʻrkam mehmonxonada shahrimiz mehmonlari va xorijlik sayyohlar uchun jahon andozalariga mos barcha qulaylik va shart-sharoit hozirlangan. 

— Toʻrt qavatli mehmonxona jami 19 ta xonadan iborat boʻlib, bir kunda 40 nafar mehmonni qabul qilish imkoniga ega, — deydi uning rahbari, xususiy tadbirkor Hamza Haydarov. — Bizda lyuks apartament, 2 ta yarim lyuks va 13 ta standart xona alohida jihozlangan boʻlib, keyinchalik yana 40 ta xona va qoʻshimcha xizmatlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz.

Yangi bino oʻzining zamonaviy arxitekturasi, milliy dizayni va texnik yechimi, yigʻinlar zali, Yevropa oshxonasiga mansub boʻlgan taomnomasi va mazali nonushta stoliga ega. Unda fitness klub, malakali massaj va kosmetolog hamda goʻzallik saloni xizmatlari, yuqori tezlikdagi Wi-Fi xizmati joriy qilingan. Qolaversa, mehmonxonadan turib transport xizmati va avia chiptalarni buyurtma qilish mumkin.

Mehmonxonaning ochilish marosimida soʻzga chiqqan viloyat hokimining oʻrinbosari B.Shahriyorov, Buxoro shahri hokimi K.Kamolov va boshqalar yurtimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar xususida toʻxtalib, koʻhna va hamisha navqiron shahrimizga katta qiziqish bildirayotgan chet ellik sayyohlarni munosib kutib olish va ularga yuqori darajada xizmat koʻrsatish infratuzilmasi borasidagi fikr-mulohazalarini bayon qildilar.

Tadbir soʻngida marosim ishtirokchilari yangi mehmonxonada yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishtirildi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.