18 +  RSS  E-mail
14:40, 10 09 2019

Davlat-xususiy sheriklik: davlatdan — kafolat, tadbirkordan — harakat va daromad


Samarqand viloyati hokimligida Osiyo taraqqiyot bankining davlat-xususiy sherikligi boʻyicha eksperti Erk Ozbelgi bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda viloyatning tuman va shaharlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim, maktab, davolash muassasalari hamda mehmonxonalar tashkil etish, qurish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, viloyat hokimligida seminar-trening tashkil etildi. Seminar treningda davlat-xususiy sheriklik faoliyatining asosiy maqsadi davlatdan — kafolat, tadbirkordan — harakat va daromad mezoniga qaratilishi zarurligi taʼkidlandi.

Ochiq aytish kerak, “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganiga toʻrt oy boʻlgan boʻlsa-da, uning mazmun-mohiyati, qonun imkoniyatlaridan foydalanish davlat va tadbirkor uchun qanchalik foyda keltirishi haqida yetarlicha maʼlumotga ega emasmiz. Davlat idoralari vakillari va tadbirkorlar ishtirokida seminar-trening tashkil etilishining maqsadi esa bu borada zarur koʻnikmalarga ega boʻlishga qaratildi. Unda Osiyo taraqqiyot bankining davlat-xususiy sherikligi boʻyicha eksperti Erk Ozbelgi hamda Moliya vazirligi huzuridagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mutaxassisi B.Sodiqov mavzu yuzasidan xalqaro va mahalliy tajribalar haqida soʻz yuritdi.

— Avvalo, davlat-xususiy sherikligi nima ekaniga ahamiyat beraylik, — deydi B.Sodiqov. — Bu — investitsiya, innovatsiya, infratuzilma va boshqa loyihalar hamda muhim boʻlgan davlat, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy ahamiyatga ega dasturlarni koʻzda tutuvchi chora-tadbirlar majmui. Unda davlat boshqaruvi, hududiy hukumat organlari davlat tomonidan sherik, Oʻzbekistondagi yuridik yoki jismoniy shaxs, xorijiy yuridik yoki jismoniy shaxs, davlat-xususiy sherikligini tuzgan yoki tuzish istagida boʻlgan tashkilot esa xususiy sherik. Davlat xususiy sherikka uning loyihasini amalga oshirish uchun davlat kafolatlari va iqtisodiy koʻmak taqdim etadi. Xususiy sherik esa davlat taqdim etgan imkoniyatlardan foydalanib, jamiyat va iqtisodiyotga naf keltiradigan faoliyat bilan shugʻullanadi va foyda oladi.

Seminar davomida tadbirkorlarga shu kabi imkoniyatlar, shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha taʼlim, tibbiyot, madaniyat, telekommunikatsiya, transport xizmatlari, uy-joy va kommunal xizmatlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yoqilgʻi-energetika sanoati, energiyaning qayta tiklanuvchi manbalari kabi sohalarda izchil faoliyat yuritish mumkinligi aytildi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.