18 +  RSS  E-mail
11:04, 09 09 2019

Toʻy kortejlari va boshqa transport vositalarining guruh boʻlib harakatlanishiga jarima miqdori belgilandi


Toʻylardagi dabdabavozlik va yoʻl qoidasi haqida Ichki ishlar vazirligi YHXBB matbuot xizmati haydovchilarga quyidagilarni eslatmoqda:

Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 129-moddasiga asosan mototsikllar va boshqa transport vositalari haydovchilarining yoʻllarda yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh boʻlib harakat qilishda qatnashishi bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Hozirgi kunda bu miqdor 669.000 soʻmni tashkil qiladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etishga sabab boʻladi. Ayni vaqtda bu 1.115.000 soʻmni tashkil qiladi.

Transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yoʻlovchi tana qismlarini (qoʻldan tashqari) salondan chiqarishi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 138-moddasi 4-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Hozirgi kunda bu 223.000 soʻmni tashkil qiladi.

Transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yoʻlovchi tana qismlarini (qoʻldan tashqari) salondan chiqarishi, mazkur transport vositasi haydovchisiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-5-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Hozirgi kunda bu 2.230.000 soʻmni tashkil qiladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab boʻladi. Hozirgi kunda bu 4.460.000 soʻmni tashkil qiladi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.