18 +  RSS  E-mail
11:06, 09 09 2019

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi


2019 yil 6 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5812-son Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi.

Farmon bilan 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab xalqaro tasniflagichning tegishli darajalariga mos keluvchi dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalari roʻyxatlari tasdiqlandi.

Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar oʻquv-metodik rahbarlik qilish hamda bu sohada davlat siyosatini yuritish Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimida tegishli taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi.

Jumladan,

— kasb-hunar maktablarida:

maktablarning 9-sinf bitiruvchilariga 2 yillik umumtaʼlim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi taʼlim beriladi;

taʼlim olayotgan oʻquvchilar Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan taʼminlanadi.

— kollejlarda:

kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim beriladi.

— texnikumlarda:

umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim beriladi;

texnikumlarni tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.