18 +  RSS  E-mail
13:34, 06 09 2019

Yangi oʻquv yili yangi maktabda


“Qorasuv” massivida yangi — 80-umumtaʼlim maktabining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va taʼlim muassasasi oʻquvchilarni ilk bor oʻz bagʻriga oldi.

Tadbirda xalq taʼlimi viloyat boshqarmasi va shahar boʻlimi xodimlari, ustoz va murabbiylar, “Obod maskan” mahallasi faollari hamda ota-onalar ishtirok etdi.

“Omon bobo” xususiy qurilish korxonasi tomonidan bunyod etilgan yangi umumtaʼlim maktabi binosi 540 oʻrinli boʻlib, bugun 750 nafar oʻquvchi 1-11-sinflarda taʼlim-tarbiya olishmoqda.

Yangi bunyod etilgan maktabda 16 ta sinfxona, 3 ta fan laboratoriyalari, sport zal hamda bir qator toʻgarak xonalari mavjud. Zaruriy badiiy kitob fondiga ega boʻlgan kutubxona ham oʻquvchilar ixtiyorida. Maktab hovlisida futbol, basketbol, voleybol stadionlari qurildi. Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga turli kasb-hunar sir-asrorlaridan saboq berish maqsadida tikish-bichish, yogʻoch oʻymakorligi, komp’yuter savodxonligi xonalari ham tashkil etilgan.

Yangi oʻquv yili boshlanishi hamda yangi maktabning foydalanishga topshirilishiga bagʻishlangan tantanali tadbirdan soʻng davlat idoralari, muassasa va tashkilot rahbarlari barcha sinfxonalarda mustaqillik darslarini oʻtishdi. Oʻquvchilarga istiqlol neʼmati, buyuk va porloq kelajak sari qoʻyilgan zalvorli qadamlar, soʻnggi uch yil davomida sohalardagi yirik islohotlar haqida tushunchalar berishdi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtishdi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.