18 +  RSS  E-mail
13:24, 06 09 2019

Romitan tibbiyot tizimi yangilanishda


“Rabot Malik elit stroy servis” hamda “Axtam Hotam” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari nafaqat Romitan, balki Buxoro viloyatining boshqa hududlarida ham koʻplab bunyodkorliklarga bosh qoʻshib, tajriba orttirgan korxonalardan. Quruvchilar mehnat jamoalari joriy yil Romitan tumani tibbiyot birlashmasi tizimidagi bino-inshootlarni mukammal taʼmirdan chiqarishda oʻz hissalarini qoʻshdilar. Jumladan, 90 oʻrinli tugʻruq kompleksi, nevrologiya boʻlimi, qon banki, sterilizatsiya, ichki dorixona boʻlimlari kapital rekonstruktsiya qilindi. Joriy yil investitsiya dasturi asosida yangicha qiyofa kasb etgan tibbiyot birlashmasida bajarilgan ishlar uchun yil boshidan 7 milliard soʻm mablagʻ moliyalashtirilgandi. Bu yerda mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari, qolaversa, davolanuvchilar va ular qarindoshlari uchun “Kafe books”, yaʼni kitoblar doʻkoni-kutubxona qurib bitkazilgani ham oʻziga xos yangilik boʻldi.

Umuman, oxirgi ikki yilda mutlaqo taʼmirga muhtoj holga kelgan tibbiyot muassasasi tuman hokimligi saʼy-harakati bilan zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va 2 ta oilaviy poliklinika yangidan loyihalashtirilib, qurildi. Hududdagi toʻrtta qishloq oilaviy poliklinikasi mukammal taʼmirlandi. Mavjud 9 ta qishloq vrachlik punkti joriy taʼmirdan chiqarildi. Tuman tibbiyot birlashmasining «Miyonsaroy» filiali, yaʼni 42-son oilaviy poliklinikasi yangidan qurib, foydalanishga topshirildi. “Tarnaut” QVPsi shu kunlarda rekonstruktsiya qilinmoqda.

— Bundan tashqari, qurilish va bunyodkorliklar qatorida Markaziy kasalxonaning oʻtgan asr 60-yillarida qurilgan kanalizatsiya, yaʼni suv oqava tizimi yangilandi, — deydi Romitan tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi Jamshid Tohirov. -Hududga toza ichimlik suvi tarmogʻi oʻrnatildi, uch kilometr masofaga tabiiy gaz tarmogʻi tortib kelindi. Bu loyihalar uchun ham joriy yilgi investitsiya dasturi hisobidan 20 milliard soʻmdan oshiqroq mablagʻ sarflandi.

Mamlakatimiz Mustaqilligi tantanalari davom etayotgan shu kunlarda tuman tibbiyot birlashmasi tugʻruq kompleksining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, tuman hokimligi va jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari va quruvchilar ishtirok etdilar.

Ayni kunda hududda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan yangilanishlar, zamonaviy qiyofa kasb etgan muassasalarni zamon talabi darajasida jihozlash, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish ishlari jadal davom ettirilayotgani xususida soʻz bordi.

Yigʻilganlar muassasada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.