18 +  RSS  E-mail
13:40, 06 09 2019

Oʻzbekistonda ilk bor koʻz mikrojarrohligi boʻyicha innovatsion oʻquv-simulyatsion markaz ochiladi


Bugungi kunda davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasiga kadrlar tayyorlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Doktor Maqsudova DMC klinikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro standartlar boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Markaziy Osiyoda birinchi marta koʻz mikroxirurgiyasi boʻyicha simulyatsion amaliy oʻquv markazi ochishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Loyihaning maqsadi koʻz mikroxirurgiyasi boʻyicha mutaxassislarni jahon standartlari darajasida tayyorlashning innovatsion usulini joriy etishdan iborat. Trening Germaniya tomonidan ishlab chiqarilgan Eyesi VRMAGIC simulyatsion apparatida amalga oshiriladi.

— Mazkur loyiha respublikamizdan tashqariga chiqmasdan koʻz mikroxirurgiyasi mutaxassislarining sifatini oshirish imkoniyatini beradi, — deydi DMC klinikasi direktori Zulfiya Maqsudova. — Treninglardan soʻng operatsiyadan keyingi asoratlar ikki baravar pasayadi, natijada koʻrish boʻyicha nogironlik holatlari yuzaga kelishi kamayadi. Mazkur markazimiz oʻz faoliyatini boshlaganidan soʻng biz yiliga oʻz kasbini mukammal egallagan 50 nafar mutaxassis yetishtirib berishga erishamiz. Yurtimizda oftal’moxirurg mutaxassislarini tayyorlashning raqobatbardosh tizimi yaratiladi, maxsus komp’yuter dasturi yordamida muayyan jarrohlik muolajalarini oʻtkazish uchun mutaxassislarga ruxsat berish jarayonining obʼektiv tizimi joriy etiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda eng keng tarqalgan operatsiyalardan biri — katarakt fakoemulsifikatsiyasi bilan shugʻullanadigan oftal’moxirurglar tayyorlash darajasi qoniqarsiz ekanligi kuzatilmoqda. Masalan, 2017 yili Oʻzbekistonda 40000 taga yaqin katarakt xirurgiyasi amalga oshirildi. Bu 1000000 aholi uchun 825 ta operatsiya deganidir, yaʼni mamlakatning yillik ehtiyojining 24.5 foizni tashkil etadi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda katarakt fakoemulsifikatsiyasi bilan shugʻullanadigan 11 nafar yuqori malakali mutaxassis mavjud. Respublika boʻyicha 150000 fakoemulsifikatsiyaga muhtoj bemorlar borligini inobatga olsak, mana shu yuqori malakali mutaxassislar oʻz imkoniyatlaridan maksimal foydalangan holda yiliga jami 10000 ta jarrohlik amaliyotini oʻtkazishlari mumkin.

Dunyoda katarakt fakoemulsifikatsiyasi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashning yana ikki turi mavjud: birinchisi — WetLab tizimi boʻlib, unda maʼruza va seminarlar shaklidagi nazariy mashgʻulotlar oʻtkaziladi hamda hayvonlarning koʻzlarida amaliy koʻnikmalar shakllantiriladi. Biroq hayvonlarning koʻzlari inson koʻzlaridan keskin farq qiladi, mutaxassislar hayvonlarning koʻzlarida oʻrtacha 20 ta operatsiyani amalga oshiradi xolos. Mazkur tizim tizim Rossiya Federatsiyasi, Yevropa va Qozogʻistonda qoʻllaniladi.

Ikkinchisi — nazariy mashgʻulotlar maʼruza va seminarlar shaklida oʻtkaziladi, amaliy koʻnikmalarni mustahkamlash ishlari esa bevosita bemorlarning koʻzlarida amalga oshiriladi. Oʻz navbatida, vujudga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar uchun taʼlim berayotgan jarrohning oʻzi javob beradi. Bunda mustaqil operatsiyalar soni 30 tani tashkil etadi. Ushbu taʼlim usuli Hindistonda qoʻllaniladi, odatda noqonuniy hisoblanadi.

Yuqorida keltirilgan usullar boʻyicha taʼlim olgan shifokorlarga taʼlim olgani haqida sertifikatlar beriladi, lekin bu ularning kerakli koʻnikmalarga ega boʻlganini tasdiqlamaydi.

Hindistonda ikki haftalik trening kamida 6 ming AQSh dollariga teng. Yevropadagi ikki haftalik trening esa oʻrtacha 10 ming AQSh dollarini tashkil etadi.

Oftal’moxirurg shifokorlarini tayyorlashning jahon standarti boʻlgan Eyesi by VRMAGIC tizimidan foydalangan holda Oʻzbekistonda innovatsion oʻquv-simulyatsiya markazining tashkil etilishi tibbiyotning mazkur yoʻnalishini rivojlantirishga katta turtki beradi.

Ushbu loyihaning noyobligi Markaziy Osiyo mamlakatlarida ilk bor oftal’mologik innovatsion oʻquv-simulyatsiya markazini tashkil etish imkoniyatidir.

Ushbu sohadagi yetakchi xorijiy oftal’mologiya markazlari bilan tajriba almashish va koʻproq odamlarga oftal’mologiya sohasida tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatlari ham markazning alohida jihatlaridandir.

Eyesi by VRMAGIC jarrohlik simulyatori maxsus koʻz modeli, jarrohlik asboblari emulyatorlari toʻplami, mikroskop emulyatori hamda mikroskop va jarrohlik tizimini nazorat qiluvchi oyoq pedallari bilan jihozlangan. VRMAGIC tibbiy simulyatorlaridan foydalanish orqali mutaxassislarni tayyorlash sifati oshadi, jarrohlik asoratlari kamayadi. Taʼlim olish va koʻnikmalarni mustahkamlashga kamroq vaqt va mablagʻ sarflanadi. Kafedra yoki klinikaning faoliyati muvaffaqiyatli kechishiga salmoqli hissa qoʻshadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.