18 +  RSS  E-mail
13:31, 06 09 2019

Jizzaxda elektr energiyasini oʻgʻirlashning yana bir antiqa turi aniqlandi


“Oʻzenergoinspektsiya”ning Jizzax hududiy boʻlimi va Majburiy ijro byurosi Jizzax shahar boʻlimining qoʻshma ish rejasiga asosan isteʼmolchilarning elektr energiyasidan foydalanish qoidalari boʻyicha oʻrganishlar olib borilganda elektr energiyasini oʻgʻirlashning yana bir antiqa usuli aniqlangan.

Oʻrganishlar mobaynida Jizzax shahridagi MChJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasida oʻrnatilgan “Mercury 230 ART” elektr hisoblagichidagi ishlab chiqaruvchi zavodning golografik muhriga ziyon yetkazilganligi shubha uygʻotdi. Bu holatga aniqlik kiritish maqsadida, ushbu turdagi elektr hisoblagichlar ishlab chiqaruvchining Oʻzbekistondagi vakili — “Neotech Group” MChJga murojaat qilindi.

Elektr hisoblagichning standart talablariga mosligi tekshirilganda elektr energiyasini oʻgʻirlashning “antiqa” turi aniqlandi. “Neotech Group” MChJning bergan xulosasiga koʻra, MChJning elektr hisoblagichdagi zavod tomonidan oʻrnatilgan golografik muhr va kafolat yorligʻi buzilganligi, eng muhimi — elektr hisoblagichning ichki xotira bloki almashtirib, boshqa hisoblagichning ichki xotira bloki oʻrnatilganligi oshkor boʻldi. 

Ushbu holat boʻyicha Majburiy ijro byurosi Jizzax shahar boʻlimi tomonidan qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirildi va isteʼmolchi elektr tarmogʻidan uzildi.

“Oʻzenergoinspektsiya”ning Jizzax hududiy boʻlimi mutaxassisi xulosasi asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qaroriga asosan, yaʼni isteʼmol qilingan elektr energiyasi koʻrsatgichlarini kamaytirish maqsadida koʻz bilan aniqlanmaydigan usulda oʻgʻirlangan turi uchun korxona 302 million soʻm jarimaga tortildi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.