18 +  RSS  E-mail
13:09, 05 09 2019

Prezidentimiz tashabbusi amalda


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 fevral kuni viloyatimizga tashrifi davomida qishloq joylarda yashovchi xotin-qizlarnining bandligini taʼminlash boʻyicha muhim topshiriqlar berilgan edi.

Muhtaram Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbuslari doirasida Sirdaryo tumani “Istiqbol” mahallasida “Sirdaryo Baraka Chevarlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 125 ish oʻrniga ega zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozlangan yangi tikuvchilik korxonasi foydalanishga topshirildi. “ARGE FASHION” Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonasi tomonidan kiritilgan sarmoya hisobiga “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi barpo etgan zamonaviy binoga 100 dan ziyod tikuv mashinasi keltirib oʻrnatildi.

Tadbirda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, viloyat hokimi oʻrinbosarlari, faol nuroniylar, tuman 4 ta sektor rahbarlari hamda tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev soʻzga chiqib, mana shunday ulugʻ kunlarda barpo etilgan tikuvchilik korxonasi ochilish marosimi bilan barcha sirdaryoliklarni samimiy qutlab, korxonadagi ishchi xodimlarga omadlar tiladi. Mazkur tikuv korxonasi ishga tushirilishi natijasida 125 nafar xotin-qizlar doimiy ish bilan taʼminlandi.

Tikuvchilik fabrikasida ayollar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, gigiyena xonasi, 60 oʻrinli oshxona, 2 mahal yengil nonushta, 1 mahal tushlik bepul yoʻlga qoʻyilgan. Xodimlarning ishga kelib ketishlari uchun 2 ta zamonaviy rusumdagi avtobuslar bepul xizmat koʻrsatadi. Eʼtiborlisi, bu yerda tikib, tayyorlanayotgan ayollar, bolalar va kattalar kiyim-kechaklari toʻliq Rossiya davlatiga eksport qilinadi.

Korxonani barpo etilishiga 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ ajratilib, bolalar va kattalar uchun kuniga 4-4,5 ming dona kiyim-bosh tikishga moʻljallangan.

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.