18 +  RSS  E-mail
12:56, 05 09 2019

BuxDUda nodir qoʻlyozma topildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil 24 may kuni qabul qilingan “Qadimgi yozma yodgorliklarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro davlat universitetida mavjud qoʻlyozma va toshbosma asarlarning saqlanish holati boʻyicha dastlabki ilmiy-amaliy izlanishlar olib borildi. Oʻzbekiston Respublikasining turli tashkilotlarida saqlanayotgan arab yozuvidagi qoʻlyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy xujjatlarning elektron bazasini yaratish OʻzRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining muhim va ustuvor vazifasi boʻlib hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Komiljon Rahimov bir oydan ortiq vaqt davomida Buxoro viloyatida xizmat safarida boʻldi.

Iqtidorli olim tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar jarayonida BuxDU ARM va Ilmiy-amaliy muzey laboratoriyasidagi qoʻlyozma va toshbosma asarlarining roʻyxati hamda qisqacha tavsifnomasi tuzib chiqildi, ularning tasnifi  klassifikatsiyasi amalga oshirildi.

Eng muhim topilma — bugungi kunda BuxDU axborot resurs markazi huzuridagi qoʻlyozma va toshbosma kitoblar fondida BDU-T №1 raqami bilan qayd etilgan, oʻz vaqtida Sankt-Peterburgdagi Imperator kutubxonasida saqlangan Usmon Mushafi (644–656) dan olingan nusxa ilk bor mukammal tadqiq qilindi. Sharif kitobning “Yosin” surasi” kufiy xatida yozilgan boʻlib, oʻlchami 40×37 sm.ni tashkil etadi. Mazkur toshbosma kitobning 22 betidan 20 beti saqlangan.

Kitobdan nusxa olish tarixi quyidagicha: 1883 yilning 26 may kuni maʼrifatparvar olim Qrimdan Sankt-Peterburgga koʻchib keladi. Ilyos ibn Ahmadshoh 1889 yilda Sankt-Peterburgdagi Rossiya milliy kutubxonasiga (Imperatorskaya publichnaya biblioteka) ga borganida Qoʻlyozmalar fondida noyob kitoblarni koʻrib, ularga qiziqib qoladi. Fonddagi eng nodir qoʻlyozma — xalifa Usmon tomonidan koʻchirtirilgan.

Tarixdan maʼlumki, Samarqandda Amir Temur hukmronligi davridan beri saqlab kelinayotgan “Usmon mushafi” chor Rossiyasiga olib ketilgan edi. Ushbu muqaddas manba bugungi kunda poytaxtimizdagi Hast Imom majmuasida saqlanmoqda. Xullas, Qurʼonning qalbi hisoblangan “Yosini sharif” surasi 1905 yilda Sankt-Peterburgda, imperatorning maxsus nazorati ostida, maʼrifatparvar olim Ilyos ibn Ahmadshoh al-Burogʻoniy al-Qrimiy tomonidan 50 nusxada faksimel nashri amalga oshirilgan edi.  Shu faksimel nashrining bir nusxasi BuxDU axborot resurs markazi huzuridagi qoʻlyozma va toshbosma kitoblar fondida saqlab kelinmoqda. Albatta, BuxDU kutubxonasi va muzeylarida bunday noyob qoʻlyozma va toshbosma kitoblarning mavjudligi oliygoh nufuzini yanada oshiradi.

Azalshoh HAMROYEV,

Oʻzbekiston tarixchilar jamiyati Buxoro viloyat boʻlim raisi, BuxDU tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.