18 +  RSS  E-mail
13:11, 23 08 2019

Sharof Rashidov tumani hokimligi tashabbusi bilan bir oilaning orzulari ushalmoqda


U bilan ilk bor “Sogʻlom avlod uchun” halqaro hayriya fondi  tadbirlardan birida tanishgandim.

Nigohlari tiyrak, qarashlari samimiy, sodda va dilkash bu ayol hayot unga taqdim etgan har qancha qiyinchiliklarga qaramay shukr va sabrni yoddan chiqarmaydigan bardosh va matonat egasi, ismi jismiga monand Raʼno Pirnazarovadir!

Sh.Rashidov tumanida istiqomat qiladigan, hikoyamiz qahramoni biron bir tashkilotning rahbari yoki taniqli biron bir oliy mukofot egasi emas, balki juda  oddiy ayol.  Aslida qiyinchiliklarni sabr va matonat bilan yengib kecha-yu kunduz farzandlari uchun yelib yuguradigan, ularning kelajagi, sogʻligʻi uchun jonini ham berishga tayyor bu ayolga eng katta mukofot ham kam. Agar sabr va bardosh, matonatga  mukofot berilganda edi bu ayolni birinchilardan ana shunday  roʻyxatga  kiritish mumkin.

Raʼno Pirnazarova  bilan suhbatimiz noodatiy boshlandi. Nega desangiz, u dastlab oʻzi haqida emas, tez-tez kelib turadigan “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sh.Rashidov tumani tayanch punkti rahbari Zaxro Moʻminova  haqida boʻldi.

— Zaxro opani  juda yaxshi koʻraman, keling, sizga ular haqida gapirib beraman. Opa bilan ayni hayotimda roʻy bergan qiyin kunlarimda tanishganman. Aslida ular haqida avval ham eshitgandim, ammo hech uchrashish nasib qilmagan edi. Besh nafar farzandim bor, turmush oʻrtogʻim kasallik tufayli vafot etdi. Besh bolaning gʻam-tashvishi zimmamda qoldi. Koʻrgulikni qarangki ikki farzandim nogiron tugʻildi. U kunlarni yodga olsam koʻzlarimga yosh keladi (yigʻlaydi). Oʻgʻillarim Sirojbek va   Javlonbekni u kasalxonadan bu kasalxonaga olib borishim. Dori darmonga pulning yetmasligi, barcha-barchasi koʻz oʻngimda gavdalanaveradi, shukr yaxshilarning koʻmagi va hukumatimizning mehribonchiligi bilan Javlonjon ikki marta Germaniyada davolanib keldi.

Sirojbekni esa koreyalik mutaxassis shifokorlar opertsiya qilishdi. Bugun oʻgʻillarim oyoqqa turdi. Sirojbek yurayapti. Javlonbekning esa tashxisi biroz ogʻirroq boʻlgani bois davolanishda davom etmoqda. U bir necha yillar maktabda taʼlim olmadi, ayni kunda oʻqishini davom ettirish niyatidamiz. Bilasizmi bugun Sh.Rashidov tumani hokimining saʼy-harakati va Zaxro opaning beminnat yordamlari bilan oʻgʻlimga nogironlik nafaqasini toʻgʻrilayapman. Shu nogironlik nafaqasini olaman deb kirmagan eshigim qolmadi. Axir bolamni kasali aniq. Dori-darmoniga yarar deyman-da.  Allohga behisob shukr, meni shunday yaxshi insonlarga roʻpara qildi. Necha yillardan beri oʻz uyim yoʻq. Ijarada yashab shu bolalarimni davolatdim. Judayam qiynaldim. Yaqinda bir quvonchli xabar eshitdim menga  Sh. Rashidov tumani xokimi Z.Mirzayevning oʻzlari homiylik qilib tez orada koʻp qavatli uylardan ajratadigan boʻlishibdi. Roʻyxatga qoʻyishibdi. Judayam xursand boʻldim. Ishondim.

— Orzularim juda koʻp. Quvonganim shuki, ularning navbati bilan amalga oshayotgani.  Hech qachon oʻzim mustaqil yura olmasam kerak deb oʻylardim. Davolanishni istardim. Onajonimni saʼy-harakatlari va  mehribon insonlarning sharofati tufayli bugun yurayapman. Hali oyoqqa toʻliq turdim deya olmayman. Ogʻriqlar boʻlsada  yurishni boshlaganim suyuntiradi meni. Oʻqish va turli toʻgaraklarga ishtirok etish  imkoniyati paydo boʻlganidan xursandman. Hayotimda juda koʻp omadli tasodiflar uchrayotganidan baxtliman. Bunday tasodiflarni koʻpini aytishim mumkin. Mening onam juda mehribon ayol. Men voyaga yetsam albatta tadbirkor boʻlaman. Chunki tadbirkorlarni puli koʻp boʻladi. Onajonimni davolataman. Chiroyli koʻylaklar olib beraman. Katta uyimiz boʻladi. Hammamiz shu yerda yashaymiz.

Bolaning  hayajonlaridan, sodda va begʻubor orzularidan, quvonchidan biz ham quvondik rosti. Koʻzlar aldamaydi deyishadi. Qahramonimizning koʻzlarida yashashga boʻlgan intilishni, ishonchni  koʻrib taʼsirlandik.

— Odamlarni yaxshi koʻraman. Yaxshi odamlarni yaxshi koʻraman. Yaxshilar bilan hamsuxbat boʻlgim keladi… Juda koʻp doʻstlar ortirdim. Atrofimni oʻzim istagandek insonlar koʻpligi qanday yaxshi.Germaniyada ham koʻp doʻst orttirdim. Shifokorlar va davolanyotgan bolalar bilan suhbatlashib  nemis tilini  ham oz-moz oʻrgandim. Uyda aka-ukalarim bilan birgaman. Ular bilan kunim qanday oʻtganini ham sezmayman. Kimgadir kerakli boʻlish va yaqinlaring bilan birga boʻlishdan  zavqlanishdan ortiq baxt bormi? — deydi Javlon Yusupov.

“Raʼno  juda mehribon, oqkoʻngil ayol,- deydi biz bilan suhbatda “Sogʻlom avlod uchun” halqaro xayriya fondi Sh.Rashidov tuman punkti rahbari Zaxro Moʻminova. — Hayotda juda qiynalgan, buni inkor etib boʻlmaydi. Ammo shu bilan birga oʻzligini yoʻqotmagan kamsuqum, mehribon ayol. U meni shu yerga qidirib kelganida dardini eshitdim. Birga muammolarini hal qilishga kelishdik. Umidlari soʻngan ayol edi u, bugun koʻrib turganingizdek koʻzlari porlab turibdi. Men shu daqiqalarda Sh.Rashidov tumani hokimi Z.Mirzayevga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Bizga mana shunday xonalarni ajratib taʼmirlab barcha sharoitlarni yaratib berishda koʻmakchi boʻldi. Bu yerga kelgan nogiron bolalar, onalar uchun barcha sharoitlar mujassam, Javlonbek ham tez–tez kelayapti. Dori-darmonlariga imkon qadar yordamlashib turibmiz. Boladagi mehr va yashashga boʻlgan ishtiyoq uning onasi Raʼnoxon tufayli. Raʼno kecha kunduz ishlab farzandlari kelajagi uchun qaygʻurayapti. Ishoning matonatli ayollarimiz borligi meni juda taʼsirlantiradi. Munis mehribon ayollarimiz bor boʻlishsin.

“Javlonjon oʻgʻlim judayam aqlli bola. U Sovgʻa qilishni yaxshi koʻradi. Orzulari juda koʻp. U tengdoshlaridan ajralib turadi. Bolaligida “Tizza boʻgʻimi vegus deformatsiyasi” xastaligiga chalingan. Ammo hech ham tushkunlikka tushmadi. Irodali va matonatli oʻgʻlim bilan faxrlanaman. U kelajakda tadbirkor boʻlaman deydi. Shifokorlar uning yaxshi ovqatlanishini, vaqtida dori darmonlarni qabul qilishini qayta va qayta taʼkidlashgan. Baʼzida unga shifokorlar aytgan oziq ovqatlarni yetkazib berolmaganimdan oʻksinib ketaman. Shunday holatlar boʻladiki, unga bor pulimga yegulik sotib olib kelib bersam shuni ham ukalari bilan baham koʻradi. U judayam aqlli, mehribon.

Aziz oʻquvchi, balki bugun siz egningizga yangi koʻylak olmaganizga xafa boʻlayotgandirsiz, yoki oʻtgan yilgi poyabzalni yangilamaganizga dilingiz xuftondir. Oyogʻingizni qisayotgan poyabzalda yurib charchayotganizni aytib noliyotgandirsiz balki. Ammo oramizda oyogʻi yoʻq insonlar, oʻsha charchashga zorlar borligi haqida hech oʻylab koʻrganmisiz?

Bizning Javlonbek Yusupov, afsuski ana shunday imkoniyatlardan cheklangan qatorida edi, onalik mehri va yaxshilar saxovati tufayli bugun u oyoqqa turdi. Raʼno opa farzandlari bilan sharoiti yoʻq bir xonalik kulbada yashasalarda  aslo noumid emaslar. Ular  mana shu kuniga oʻtayotgan har bir daqiqalariga shukr qiladi. Bir uni hammasi yaxshi boʻlib ketishiga ishonishadi.

Javlonning bolalarcha begʻubor toza va samimiy fikrlaridan, orzularidan ruhlandik.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.