18 +  RSS  E-mail
13:31, 23 08 2019

Mehnatga “konvert usuli”da haq toʻlashdan voz kechish vaqti keldi


Bugungi kunda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, oilaviy daromad manbaini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Iqtisodiy islohotlar jarayonida esa kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xususan, ularga qulay sharoitlarning yaratilishi, imtiyozlarning berilishi muhim omil boʻlmoqda.

Darhaqiqat, 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq tizimida yangi bosqich boshlandi.

Soliq qonunchiligidagi islohotlar soliq yuki darajasini kamaytirish, soliq qonunchiligini soddalashtirish, yanada qulay investitsiya muhitini yaratish hamda soliqlar va toʻlovlarni optimallashtirishga xizmat qilmoqda.

Soliq yuki darajasini kamaytirish maqsadida 2019 yildan yuridik shaxslarning foyda soligʻi stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk soligʻi stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq toʻlovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi.

Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan 8 foizli sugʻurta badali bekor qilindi hamda 4 pogʻonali stavkalarda undirib kelingan va maksimal stavkasi 22,5 foiz boʻlgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi bir xil 12 foizga tushirildi.

Ammo xususiy biznes vakillari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga qaramay, ishchi kuchini jalb qilishda ogʻzaki kelishuvga asoslanish, yaʼni mehnatga “konvert usuli”da haq toʻlash tartibida faoliyat koʻrsatishi, mehnat shartnomasi tuzmasdan ishchi kuchidan foydalanish, mehnat qonunchiligiga zid ravishda faoliyat olib borayotgan ishchi yoki xodimning orttirgan daromadlaridan soliq tushumini toʻlamaslik kabi xufiyona holatlar ham uchrab turibdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 82-moddasida ishga qabul qilishni rasmiylashtirish tartibi belgilangan boʻlib, ishga qabul qilish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtirilishi, buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos ekanligi qayd etilgan.

Shuningdek, mazkur modda bilan ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan yoki uning ijozati bilan xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilgan boʻlsa, ishga qabul qilish tegishli ravishda rasmiylashtirilgan yoki rasmiylashtirilmaganligidan qatʼiy nazar, ish boshlangan kundan eʼtiboran mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblanishi belgilangan.

Zero, qonuniy mehnat daromad va xotirjamlik asosidir.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.