18 +  RSS  E-mail
13:51, 21 08 2019

Yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi qanday?


Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida davlat rahbari tomonidan 2019 yil 13 avgustda «Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida»gi Qonun imzolandi. Mazkur qonun 2020 yil 1 martdan eʼtiboran kuchga kiradi.

Xususiylashtirish subʼekti kimlar boʻlishi mumkin?

Xususiylashtiriladigan yer uchaskasiga qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilmagan va qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yer uchastkalari kiradi.

Yer uchastkasini xususiylashtirish deganda ommaviy mulk boʻlgan yer uchastkasini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan jismoniy shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar mulkiga oʻtkazishni tushunish kerak. Chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan jismoniy  shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish subʼektlari boʻlmaydi. Shu oʻrinda yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulk obʼektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi faqat ushbu obʼektlarning mulkdorlariga tegishli ekanligini taʼkidlash joiz.

Qaysi yerlar xususiylashtirish obʼekti hisoblanadi?

Yer uchastkalarini xusiylashtirish obʼektlariga quyidagilar kiradi. Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari. Ikkinchidan, yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obʼektlari joylashgan yer uchastkalari. Uchinchidan, boʻsh turgan yer uchastkalari. Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʻarmasiga berilgan yer uchastkalari. Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

Qonunga koʻra tasdiqlangan va eʼlon qilingan rejalashtirish sxemalari boʻlmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari, foydali qazilmalar konlari joylashgan yer uchastkalari, davlat mulkidagi strategik obʼektlar, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun moʻljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek, oʻrmon va suv fondlarining yerlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish doimiy foydalanish yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish hamda yer uchastkalarini elektron onlayn-auktsion orqali sotish shakllari orqali amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish qonuniylik, ixtiyoriylik, haq toʻlash, xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan koʻchmas mulk obʼektlari birligi, ochiqlik va shaffoflik printsiplari asosida amalga oshiriladi.

Boʻsh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish, xususiylashtiriladigan yer uchastkalari uchun haq miqdori va uni toʻlash, yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, elektron onlayn-auktsion orqali xususiylashtirish maqsadida boʻsh turgan yer uchastkalarini va Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʻarmasiga beriladigan yer uchastkalarini aniqlaydi. Qonunda boshqa davlat idoralarining ham vazifalari belgilab berilgan.

Koʻchmas mulk obʼektlari joylashgan boʻlsa…

Koʻchmas mulk obʼektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza yer uchastkasi joylashgan yerdagi tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi. Tuman (shahar) hokimligidagi yer uchastkalarini berish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya ariza olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida uni koʻrib chiqib, ijobiy yoki salbiy xulosasini tuzadi. Bu xulosa tuman (shahar) hokimining tegishli qarorini chiqarishga asos boʻladi. Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi jismoniy  shaxsga oʻtganda mazkur yer uchastkasini xususiylashtirishga boʻlgan huquq ham oʻtadi.

Xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun toʻlov Yer uchastkalarini berish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning ijobiy xulosasi toʻgʻrisida yozma yoki elektron bildirishnoma olinganidan keyin oʻn ish kunida jismoniy va yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qaror xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun toʻlov amalga oshirilganidan soʻng uch ish kunida qabul qilinadi. Bu qaror suddan tashqari tartibda qayta koʻrib chiqilmaydi.

Boʻsh turgan yer uchastkalari-chi?

Boʻsh turgan yer uchastkalari aholi punktlarining va hududlarning bosh rejalariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniqlanadi. Boʻsh turgan yer uchastkalari Urbanizatsiya agentligi bilan kelishilgan holda elektron onlayn-auktsion orqali yuridik va jismoniy shaxslarga mulk qilib sotiladi. Boʻsh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha elektron onlayn-auktsionda ishtirok uchun buyurtma tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston      Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs tomonidan, yakka tartibda uy-joy qurish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston   Respublikasi fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan beriladi. Xususiylashtiriladigan boʻsh turgan yer uchastkasining qiymati oʻtkazilgan elektron onlayn-auktsion natijalariga koʻra belgilanadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini olib qoʻyish mumkinmi?

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obʼekti hisoblanadi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʻlgan xususiy mulk huquqi ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi. Xususiy mulk amaldagi qonunlar talabi asosida davlat    tomonidan himoya qilinadi. Qonunda xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari va majburiyatlari ham belgilab qoʻyilgan.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini mulkdordan olib qoʻyishga faqat mulkdorning majburiyatlari boʻyicha undiruv qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ushbu yer    uchastkasiga qaratilganda, shuningdek, natsionalizatsiya, rekvizitsiya va  musodara qilish tartibida yoʻl qoʻyiladi. Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasining qiymati amaldagi qonun talablari asosida aniqlanadi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini natsionalizatsiya qilish faqat davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganda amalga oshiriladi.

Natsionalizatsiya — fuqarolarga hamda yuridik shaxslarga natsionalizatsiya qilinayotgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqini haq toʻlash asosida qonun hujjatlariga muvofiq davlat ixtiyoriga oʻtkazishdan iborat. Yer uchastkasi keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, sobiq mulkdorlar uni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega boʻladi. Rekvizitsiya deganda tabiiy ofatlar, avariyalar va favqulodda tusdagi boshqa vaziyatlarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini koʻzlab, davlat hokimiyati organlari qaroriga muvofiq mulkdordan unga mulk qiymatini toʻlagan holda olib qoʻyishni tushunish kerak. Rekvizitsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasi jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda mulkdordan sud qarori asosida olib qoʻyilishi mumkin.

Mazkur qonun mamlakatimizda yerga oid munosabatlarni tartibga solish va xususiy mulkni muhofaza qilish ishlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.