18 +  RSS  E-mail
13:40, 21 08 2019

Viloyat hokimi Buxoro va Jondor tumanlaridagi paxta rivojini koʻzdan kechirdi


Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev rahbarligidagi ishchi guruhi joylarda yetishtirilayotgan paxta hosili parvarishi, fermer xoʻjaliklarida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida tumanlar paxta dalalarida boʻlib, mavjud ahvolni oʻrganmoqda, qishloq xoʻjaligi xodimlari, fermerlarga zarur tavsiya va koʻrsatmalarni bermoqda.

Ishchi guruhining navbatdagi manzili Buxoro va Jondor tumanlari boʻldi. Hamisha qoʻli qadoq dehqon-mirishkorni manzil-makoniga qarab ajratish, farqlash nooʻrin, aslida. Ammo jondorlik dehqonlarning boshqalardan farqli jihatlarini bilasizmi? Nafaqat Buxoro viloyatida, balki butun respublika miqyosida eng koʻp paxta hamda boshoqli don — agrosanoat majmui uchun qimmatbaho xom ashyo yetkazib beradigan tuman bu. Birgina joriy yil bunyod etilishi koʻzda tutilgan “oq oltin” xirmonini olaylik. Hududdagi

13 ming 340 gektar yerga baraka urugʻi qadagan mirishkorlar hademay, kech kuzga borib oʻz mashaqqatlari mahsuli — paxta xirmonini 38 ming 400 tonnadan oshirish taraddudidalar. Bu hali shartnoma rejasida nazarda tutilgan miqdor ekanini hisobga olsak, hosil choʻgʻi bundan-da salmoqli koʻrinish olishi ehtimoldan xoli emas. Joriy yilda gʻallachilikdan olingan daromad ham jondorliklar uchun har yilgidan barakali boʻldi. Boshoqli don ekilgan 6 ming 304 gektar yerdan 32 ming 500 tonnadan oshirib xirmon koʻtargan azamat dehqonlar xoʻjaliklarida yalpi gektarlar hosildorligi 52 tsentnerga yetdi.

Bu davlat shartnoma rejasi 115 foizga uddalangani dalolati. Endi har bir fermer xoʻjaligida erishilgan moddiy manfaatdorlikni oʻzingiz chamalayvering.

Tuman paxta dalalarini koʻzdan kechirgan ishchi guruhi “Somonchuq”, “Xumdonak”, “Xumin” kabi mahalla fuqarolar yigʻinlari fermer xoʻjaliklarida boʻldi. Somonchuqdagi “Maftuna Kamronbek” fermer xoʻjaligi bu yil 32,2 gektarda baraka urugʻi qadab, bor kuch-gʻayratini gʻoʻza parvarishiga safarbar etmoqda. Maqsad esa davlat shartnomasida koʻrsatilgan 110 tonna xirmon koʻtarish. “Xumin” hududidagi “Oʻktamov Zohirshoh Alisherovich” fermer xoʻjaligi dalalarida esa 36 gektarda qimmatbaho sanoat xom ashyosi yetishtirilmoqda. Xoʻjalik aʼzolari bu mavsumda 125 tonna “oq oltin” xirmoni yaratib, dehqonchilik yilini katta muvaffaqiyatlar bilan yakunlash istagida. Koʻrsatkichlari bir-biriga yaqin “Xumdonak” MFYdagi “Egambobo Jondoriy” hamda “Samoydin Soliyev” fermer xoʻjaliklarida ham barakali hosil choʻgʻi mavjud. Ammo barchasi hozirda lozim boʻlgan agrotexnik tadbirlarning sifatli bajarilishida. Bundan tashqari, yigʻim-terimga ham puxta hozirlik koʻrish lozim. Viloyat rahbari har bir konturdagi gʻoʻza parvarishini koʻzdan kechirarkan, bu borada tarmoq tashkilotlari rahbarlari va fermerlarga kerakli topshiriqlarni berdi. Terimgacha har bir tupga kamida toʻrt-beshtadan koʻsak, gektariga qoʻshimcha iki-uch tsentnerdan paxta qoʻshishga harakat qilish kerakligi taʼkidladi.

Buxoro tumanidagi “Rabotiqalmoq”, “Shexoncha”, ”Koʻchkoʻmar” kabi mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi oʻnga yaqin fermer xoʻjaligi paxta dalasi ishchi guruhi nazaridan oʻtkazildi. “Javohir Oybek” fermer xoʻjaligi bu yil

71,6 gektar yerga baraka urugʻini qadab, gʻoʻza parvarishini agrotexnik talablar darajasida olib borayotgan boʻlsa, bu mehnat mahsuli-davlatga pirovardida

270 tonnadan oshirib “oq oltin” sotishni koʻzlagan. “Shexoncha” MFYdagi “Islom Narziobod” fermer xoʻjaligi mirishkorlari bu yil 150 gektar yerda “Buxoro-8”, “Buxoro-10” navli gʻoʻza parvarishini olib bormoqdalar. Yaratiladigan xirmon ham saʼy-harakatga yarasha — 600 tonnadan kam emas.

Umuman, Buxoro tumani dehqonlari mana, bir necha yildirki, qishloq xoʻjaligining har ikki qanotida ham yetakchilar qatoridan oʻrin egallab kelishmoqda. Jumladan, bu yil 5172 gektar yerga urugʻ qadagan gʻallakorlar oʻrim mavsumida davlat shartnoma rejasida koʻrsatilgan 29 ming 800 tonna oʻrniga

31 ming 205 tonnalik sara don xirmonini yaratib, navbatdagi mehnat gʻalabasini nishonladilar. Hosildorlik esa har gektar hisobiga 58 tsentnerga yetkazildi. Erishilgan sof foyda hisobidan xoʻjaliklar moddiy manfaatdorligini mustahkamladi, texnika parki kengayib bormoqda. Shuningdek, bu yil tuman dehqonlari 9 ming gektarda sara navli qimmatbaho sanoat xom ashyosi-paxta yetishtirmoqdalar. Shu kecha-kunduzda gʻoʻza parvarishi avj pallasiga chiqqan. Paxtakorlarning barcha saʼy-harakati bu mavsumda

28 ming 370 tonna “oq oltin” xirmoni bunyod etishga qaratilgan.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.