18 +  RSS  E-mail
13:44, 21 08 2019

Men Vatanni bogʻ deb aytsam, Forish unda bitta gul…


2019 yil Forish tumani tarixida unutilmas boʻlib qolgusi.

Bu yilda tumanda  yurtimiz tarixida ilk bor AES barpo etiladigan boʻldi. 20 ming gektar yerga obi hayot ulashuvchi yirik suv ombori qurilmoqda. Tuman markazining beshta mahallasiga toza ichimlik suvi yetkazib kelinayotir. Respublikaning atigi ikkita tumanida (ularning biri Forish) mavjud boʻlmagan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi qad koʻtarayapti. Shuningdek, Koreya standartlari asosida xizmat koʻrsatuvchi tugʻruqxona binosi yangidan bino boʻlmoqda…

Nurota etaklarida yastangan, Qizilqum sahrosiga tutashib ketgan bu xushmanzara tumanda bunday yoqimli yangiliklar talay. “Ilgʻor hudud”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi ham minglab kishilar hayotiga yengillik va qulaylik  baxsh etmoqda. Garchi tuman markazida qurilish-obodonlashtirish ishlari hamon davom etayotgan boʻlsa-da, qad rostlayotgan koʻp qavatli turar-joylar, yangi savdo va sanoat obʼektlari, xiyobon va istirohat bogʻlari Forishni yaqin orada tanib boʻlmay qolishimizdan darak beradi.

Qaysi biridan boshlasak ekan-a?

 ENG YaXShILARIDAN

Tuman boʻyicha 8 ta maktab filialining tomi qaytadan yopilib, ichki va tashqi pardozlash ishlari bajarilayotir. 2 ta maktab kapital taʼmirlandi.

Garasha MFY Chaqir-chuqur qishlogʻi hududidan oqib oʻtuvchi Garashasoyga koʻprik qurilmoqda.

Tadbirkor Turkman Xovosov tashabbusi bilan tuman markaziga kiraverishda yangi masjid binosi qurilmoqda.

Tuman tibbiyot birlashmasiga MRT tibbiy dastgohi keltirilayapti.

Tuman davlat oʻrmon xoʻjaligi hududida Ekopark, Oqtepa mahallasi hududida istirohat bogʻi barpo etilayotir.

Umuman, “Obod qishloq” davlat dasturi asosida bu yil tuman markazi boʻlmish Bogʻdon  shaharchasi, “Oʻzbekiston” va Ergash Kamolov nomli mahallalarda 5 ta ijtimoiy soha obʼekti, 9 ta maʼmuriy bino, 30 ta tadbirkorlik subʼekti binosi, namunaviy toʻrt qavatli uy hamda 21 ta ikki qavatli uylar yangidan barpo etilmoqda yoki taʼmirlanmoqda. Bu ishlarni qisqa muddatda yakunlash uchun 600 nafardan ziyod ishchilar va texnikalar jalb etilgan.

Shu kunga qadar 2 ta avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi, Bandlikka koʻmaklashish markazi hamda tadbirkor B.Gʻoziyev tashabbusi bilan barpo etilgan mini stadion foydalanishga topshirildi. Mustaqillik bayrami arafasida Forishga “muborak boʻlsin”ga kelaverasiz – foydalanishga topshiriladigan obʼektlar soni naqd 92 ta!

BOLALAR BAND – ULAR “BOGʻChA”GA BORADI

Respublika byudjetidan ajratilgan 4 milliard soʻm hisobidan 1-sonli MTMda 4 ta bolalar yozgi ayvonchasi qurildi. 2-sonli MTMda ham ikkita shunday pavil’on bolalar ixtiyoriga topshirildi.

Uxum qishlogʻida joylashgan kollej yotoqxonasida yaqinda zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi ochildi. Umuman, yil boshidan buyon Forishda 6 ta davlat MTM ish boshladi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTMlar esa 55 ta boʻlib, bu borada Forish viloyatda yetakchilik qilmoqda. Natijada 1375 nafar bola MTMga qamrab olindi.  Bugun Forishda bogʻcha yoʻq qishloq qolmadi hisob. Bolalarni maktabga tayyorlovchi qisqa muddatli guruhlarning oʻzi 46 ta. Bolalarning qamrov darajasidan ham samaradorlikni bilib olish mumkin – 61,2 foiz bola MTMga jalb etildi.

— 2020 yilda nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTMlarni tashkil etish hisobiga qamrovni yuz foizga yetkazishni koʻzlaganmiz, — deydi tuman MTM boʻlimining shuʼba mudiri Ilhom Komilov.

FARHODLAR BUGUN “KARAMAN”DA

Ayni kunda suv omborini bunyod etish ishlari qizgʻin bormoqda.  “Rezaksoysuvqurilish” davlat unitar korxonasining “TUPALANG HPD WATER KONSTRUKTION” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 870 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilari suv ombori qurilishini foydalanishga topshirish uchun tunni tonga ulab mehnat qilmoqdalar.

– Suv ombori toʻgʻonining uzunligi 6,8 kilometr boʻlib, balandligi 20 metr, – deydi masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Akram Hojiyev. – Hozirga qadar obʼektda 1,5 million kub metr tuproq ishlari, 8000 kub metr tosh yotqizish, 16000 kub metr shagʻal toʻshash, 8700 kub metr xarsang tosh tashib keltirish ishlari bajarildi. Suv omborini belgilangan muddatda foydalanishga topshirish uchun imkoniyatlarimiz yetarli.

“Karaman” suv omborini bunyod etishda 38 ta ekskovator, 25 ta bul’dozer, 170 ta samosval, turli rusumdagi tuproq zichlovchi texnikalar ishlatilayapti. Qurilish nihoyasiga yetgach, 100 million kub metr obi-hayot  kuchli nasos stantsiyasi orqali 90 metr balandlikka koʻtarib beriladi. Dastlab 20 ming, soʻng 50 ming gektar yer oʻzlashtirilib, minglab kishilar ish bilan taʼminlanadi. Oʻz-oʻzidan bu yerlarda yetishtirilgan uzumzorlar boʻyida  vino va sharbat zavodlari quriladi…

AYoLLAR NIMA DEYDI?

— Boshimga koʻp savdolar tushdi. Umidim soʻnib, hayotda borligimni ham his qilmay qoʻygandim, — deydi “Forish chevarlari” tikuvchilik majmuasi ishchisi Esonoy Jumayeva. – Ammo hayot kurashlardan iborat. Yaqinda mahallamizda tikuvchilik majmuasi ishga tushdi. 86 nafar ayolni tikuvchilik hunariga oʻqitishdi. Ular orasida men ham bor edim. Hatto oʻrganuvchilik davrimiz uchun ham stipendiya toʻlashdi. Bugun mening ish joyim, oylik maoshim tayin. Shoʻx-shaddod xotin-qizlar birga ishlaymiz. Ish koʻp, bekorchi suhbatlarga vaqt yoʻq.

Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimizning besh muhim tashabbusiga javoban ishga tushgan “Forish chevarlari” tikuvchilik majmuasi chin maʼnoda Xonbandi mahallasining xotin-qizlari uchun bayram tuhfasi boʻldi. Tadbirkor Nodira Isomiddinova maktab formalari, paxta terish etaklaridan tashqari Qozogʻistondan ham eksport buyurtmasini olgan. Oq kofta va boshqa turdagi xotin-qizlar libosi Qozogʻistonga eksport qilinmoqdi. Yaqinda ayollar sarafani boʻyicha ham qozogʻistonlik sheriklardan buyurtma olishdi.

Tadbirkor ayol Qorabdol, Garasha, Yassikechuv, Uxum mahallalarida ham korxona filiallarini tashkil etib, nogironligi boʻlgan ayollarni ish bilan taʼminladi. Oʻtgan hafta  Qorobdolda 30 oʻrinli tikuvchilik majmuasi fililali tantanali ravishda ochildi. Nodira Isomiddinova tuman boʻyicha jami 164 ta ish oʻrni tashkil etib, qishloq ayollarini ish bilan taʼminladi. 

FORIShDA TOShDAN TOLA OLINADI

“Mega invest industry” innovatsion gʻoya mahsulidir. Million yillar davomida yer osti dunyosida roʻy bergan oʻzgarishlar, tabiiy qazilma boyliklaridan unumli foydalanish sanoat boʻyicha emas, zamonaviy fikrlash nuqtai nazaridan ham nihoyatda ajoyib gʻoya. Bazal’tdan mahsulot ishlab chiqarish MDH davlatlari orasida faqatgina Rossiyada bundan 8 yil ilgari boshlangan. 2017 yilning dekabr oyida Forishda ham xuddi shunday sanoat korxonasi ishga tushirildi.

Bazal’t mineral tosh boʻlib, qazilma holida olinadi. 3000 daraja issiqda eritilib, bazal’t toshidan kompleks tola – roving olinadi, — deydi ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi Xayrulla Roʻziboyev. — Toladan qayta ishlov berish natijasida armatura, geosetka, quvur va panjara ishlab chiqariladi. Toshdan olingan tola “Jizzax” EIZdagi korxonaning ishlab chiqarish tsexiga yuboriladi. Dastlab bir kunda 400 kilogramm roving olingan boʻlsa, bugungi kunda uning miqdori 4 tonnani tashkil etmoqda.

 Oy yakuniga qadar roving ajratib olish pechini 7 taga yetkazish natijasida bir kunda 15 tonnagacha xom ashyo tayyorlash imkoniga ega boʻlamiz. Oʻz-oʻzidan 150 nafarga ishchilar soni ham oshadi. Hozirda ukrainalik mutaxassislar bilan mahalliy yoshlarni kasbga oʻqitish ishlari olib borilmoqda.

— Dunyo boʻyicha temir zaxiralari kamayib borayotgan bugungi kunda bazal’t insoniyatga yordamga kelmoqda, — deydi materiologiya fanlari nomzodi, ukrainalik mutaxassis Valeriy Gorbachev. – U temirga nisbatan chidamli, tashish ham qulay, yengil va tok oʻtkazmaydi. Samolyotning tashqi qismlarini tayyorlashda, baland binolar qurilishida ham bazal’tdan tayyorlangan armaturalardan foydalanilmoqda. Istiqbolli bu loyihaning Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib Forishda amalga oshayotgani, yoshlarning soha sirlarini qunt bilan egallashayotganidan mutaxassis sifatida mamnunman. Korxonada ish jarayoni Yevropa standarlari asosida tashkil qilingan. Son emas, sifatga eʼtibor katta. Bu  eksport uchun juda zarur talab.

 MATIL’DA BIRINChI MARTA NON YoPDI

Asraf qishlogʻida Gʻayrat Sharipov tashkil qilgan uy-mehmonxonaga bir guruh germaniyalik sayyohlar tashrif buyurishdi. Ular shunchaki tabiatni tomosha qilib, salqin soʻrilarda yonboshlab yotmasdan, mehnat qildilar. Hammalari xonadon bekasi oshirgan xamirdan zuvala yasadilar, tandir oqartirdilar va non yopdilar.

— Tandirda non yopish juda ham qiziq ekan, — deydi sayyoh Matil’da River. (suratda) – Tandir juda issiq ekan, ammo non juda ham mazali boʻlib pishdi. Men umrimda shunday shirin non yemaganman.

Mehmonlar sariyogʻ va sut solib pishirilgan shirmoy nonni hovli etagidagi ariqchaga oqizib yeyishni ham oʻrganib olishdi.

Bugun tumandagi Uxum, Asraf va koʻhna Forish qishloqlarida 12 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat koʻrsatmoqda. Tabiat saxovat bilan ato etgan ekoturistik boylikdan oqilona foydalanishda bu kabi mehmon uylarining oʻrni katta.

Forish tumanini boy tabiiy zaxiralari bois “yogʻi bilan turgan avtomobil” ga oʻxshatishadi. Birgina “Armiya oʻyinlari -2019” musobaqalarining tuman hududida oʻtkazilishi ham tuman nomini dunyoga yoydi.

 Hozirdanoq forishliklar yuz-koʻzidan yaqin kelajakning ajib nashʼu namosini uqib olish qiyin emas. Sanoatlashgan tuman besh ijobiy tashabbusni amalga oshirish bobida ham namunali tuman deya tanlab olingan. “Ezgu niyat” jamgʻarmasi ikki nafar forishlik ijodkorning kitoblarini chop etishga homiylik qildi. Hozirga qadar 2 ta kitob doʻkoni ishga tushib, joylarda kutubxonalar tashkil etilmoqda.

Umidlar katta, saʼy-harakatlar ham shunga monand…

Muqaddas SAPAROVA


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.