18 +  RSS  E-mail
13:53, 15 08 2019

Yevro-5 xalqaro talablariga javob beradigan yoqilgʻi Buxoroda ishlab chiqarilmoqda


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev joriy yilning 29-30 martida Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida hududning siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-maʼnaviy hayotini, aholining turmush darajasini oshirish borasida qilinishi kerak boʻlgan qator masalalarni sanab oʻtgandi. Viloyat iqtisodiyotining rivojiga oʻzining 40 foiz ulushini qoʻshib kelayotgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish orqali uning faoliyatini kengaytirish toʻgʻrisida ham koʻrsatmalar berilgandi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hududiy boshqarmasi ayni shu masalada yaʼni, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Prezidentimiz topshiriqlaridan soʻng olib borilayotgan modernizatsiya va qayta qurish jarayonlarining qanday ketayotganligi toʻgʻrisida zavod rahbariyati va jurnalistlar bilan brifing tashkil qildi.

Brifing zavod faoliyati aks ettirilgan videorolik namoyishi bilan boshlandi. Soʻngra ommaviy axborot vositalari vakillari u yerda olib borilayotgan modernizatsiya jarayonlari bilan slayd-taqdimotlari orqali tanishtirildi.

— Zavodimiz nafaqat viloyatimiz, balki butun respublikamiz aholisini yoqilgʻi bilan taʼminlash masʼuliyatini olgan. Buxoro neftni qayta ishlash zavodida joriy yilda 553 million AQSh dollariga teng modernizatsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, — dedi zavod direktorining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Mustafoyev. — Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, belgilangan ishlar toʻliq yakunlansa, zavodda har yili 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. Shundan 1,2 million tonna “Evro-5” standartidagi benzin, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel yoqilgʻisi va 30 ming tonna mazutni ishlab chiqarishga erishiladi.

Zavodni modernizatsiya va qayta qurish ishlari uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichdagi vazifalar joriy yilda bajariladi. Yaʼni, gazoilni gidrotozalash qurilmasi katalizatorini oxirgi avloddagi katalizatorga almashtirish koʻzda tutilgan. Bu esa umumiy ishlab chiqarish hajmining 20 foizi Yevro-4, 5 standartlari va 80 foizi Yevro-3 standarti talablariga javob beradigan dizel yoqilgʻisini ishlab chiqarishni taʼminlaydi. Ikkinchi bosqich esa, 2019-2022 yillarda amalga oshiriladi. Bu bosqichda mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan, qoʻshimcha jihozlarni oʻrnatish bilan quyidagi texnologik jarayonlarni modernizatsiya qilish va qayta qurishni nazarda tutadi. Ushbu bosqichning amalga oshirilishi natijasida Yevro-4, Yevro-5, talablariga javob beradigan yuqori oktanli AI-91, AI-93, AI-95 avtobenzinlarini ishlab chiqarish hajmlarining koʻpayishi va 100 foiz Yevro-5 standarti boʻyicha dizel yoqilgʻisini ishlab chiqarish taʼminlanadi. Uchinchi bosqich 2024-2025 yillarga moʻljallangan boʻlib, bunda mazutni chuqur qayta ishlashni taʼminlash maqsadida yangi qurilmalarni qurish nazarda tutilgan. Bu bosqichda qayta ishlash chuqurligining 79 foizdan 95 foizgacha koʻtarilishi, ochiq tusdagi neft mahsulotlari chiqishining 77 foizdan 92 foizgacha oshirilishi taʼminlanadi.

Hozirgi kunda loyihani amalga oshirish uchun kompaniyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati ishlab chiqilmoqda. “Kazmunaygaz” MK AJ kompaniyasining Qozogʻiston tomoni vakillari joriy yilning 19-21 iyun kunlari Buxoro neftni qayta ishlash zavodining amaldagi quvvatlari va “SKE&C” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan modernizatsiya qilish kontseptsiyasi bilan tanishdi va tashrif yakunida ular ishlab chiqarish quvvatini 4 million tonnaga yetkazishni taklif qildi.

Shuningdek, brifing soʻngida, jurnalistlar zavodda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar, qayta qurish loyihasi doirasidagi hamkorlik bitimlari, modernizatsiya jarayonlari yakunlangach yaratiladigan ish oʻrinlari kabi oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan zavod faoliyati bilan yaqindan tanishish taklifi oʻrtaga tashlanganligi uchun, keyingi brifing Buxoro neftni qayta ishlash zavodida boʻlib oʻtishiga kelishib olindi.

Nargiza QUVONChEVA,

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bosh mutaxassisi, jurnalist


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.