18 +  RSS  E-mail
13:55, 15 08 2019

Bojxonachilar giyohvandlik moddalarni yashirincha olib oʻtish “usuli”ni fosh etishdi


Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan Termiz shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro N.A. belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

Natijada, ushbu shaxsning yonidan gugurt qutilariga yashirilgan 18,7 gramm marixuana giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

“Ayritom” chegara bojxona postida esa respublikamizga kirib kelgan xorijiy fuqaro boshqaruvidagi avtomashina belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.

Qarangki, bu gal qonunbuzarlar giyohvandlik moddasini yashirincha olib kirishning yangi usuliga qoʻl urishibdi. Yaʼni, avtomobil old oʻrindigʻi gʻilofining pastki, koʻz ilgʻamas qismiga “gashish” giyohvandlik vositasini yopishtirib qoʻyishadi. Sirtdan qaralganda esa bu shunchaki gʻilofdagi dogʻdek taassurot qoldiradi.

Mazkur postda aniqlangan yana bir holatda esa qoʻshni davlat fuqarosi oʻzining hamyonida gashish giyohvandlik vositasini bamaylixotir olib oʻtishga uringan vaqtida toʻxtatib qolindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.