18 +  RSS  E-mail
13:59, 15 08 2019

Harbiylar oilalari ish bilan taʼminlandi


Prezident ilgari surgan 5 muhim tashabbusdan biri xotin-qizlar bandligini oshirishni koʻzda tutadi. Joylarda ixcham tikuv-trikotaj tsexlari tashkil etish evaziga bu borada yuqori samaraga erishish maqsad qilingan.

Qashqadaryo viloyat harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan. Qarshi shahri Xonobod qoʻrgʻonidagi harbiylar shaharchasi hududida zamonaviy tikuvchilik tsexi ishga tushirilgani ham buning amaliy isbotidir.

20 dona yangi tikuvchilik mashinasi bilan jihozlangan mazkur tsexda hozirda 40 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilishiga sharoit yaratilgan. Ular asosan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ekani yanada ahamiyatli. Shu orqali endilikda ayollar bekor qolmaydi, doimiy daromadli ishga ega boʻldi. Bu yerda harbiylar uchun maxsus formalar, shuningdek, xaridorgir kiyim-kechaklar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan shaharchada bayramona tadbir oʻtkazildi. Unda yangi tikuv tsexini  tantanali foydalanishga topshirish marosimi tashkil etildi. Tadbirga harbiylar, ularning oila aʼzolari, jamoatchilik vakillari ham taklif etildi.

Marosimda viloyat hokimligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi mutasaddilari ham qatnashib, ramziy tasmalarni kesishdi va zamonaviy quvvatni ochib berishdi.

Diltortar kuy-qoʻshiq va raqslar tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.

Murod Komilov olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.