18 +  RSS  E-mail
12:42, 14 08 2019

Yangiobodliklar murojaati viloyat hokimi tomonidan tinglanib hal etildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizni barqaror taraqqiy ettirish, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Uning ijrosini taʼminlash bugunning muhim talabidir.

Bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning yozma va ogʻzaki murojaatlari sinchiklab oʻrganilib, ularda koʻtarilgan masalalarni hal etish, navbatdagi dolzarb vazifalarni belgilab olishda sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etyapti.

Jizzax  viloyati  hokimi,  birinchi  sektor rahbari Ergash Saliyev Yangiobod tumani «Sovot” qishloq fuqarolar yigʻinida sayyor qabul oʻtkazdi.

Sayyor qabulda viloyatdagi 4 ta sektor rahbarlari, shuningdek korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishni boshqargan viloyat hokimi Ergash Saliyev qatnashchilar eʼtiborini sayyor qabullar jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mansabdor shaxslarning murojaatlar bilan ishlashdagi masʼuliyatini oshirishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi. Fuqarolarning murojaatlari eʼtiborsiz qolmasligi, ularning barcha savollariga viloyat korxona va tashkilotlarining rahbarlari ochiq-oydin javob berishlari haqida soʻz yuritdi.

Shundan soʻng sayyor qabulga viloyat korxona va tashkilotlari, tuman hokimligi mutasaddilari, sektorlar hamda idora va muassasalar rahbarlari jalb etildi.

— Qabul davomida 70 ta fuqarolar ishtirok etishdi. Muammoli masalalar yuzasidan murojaatlarning 5 tasi joyida hal etilgan boʻlsa, 7 nafar fuqaroga xuquqiy tushunchalar berildi, — deydi hududlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha viloyat hokimining 1-sektor shtabi kotibi Fazliddin Elchiboyev. — 61 ta murojaat boʻyicha tegishli viloyat rahbarlariga ijrosi qonun doirasida oʻrganib ijobiy hal etish topshirigʻi berildi.

Fuqarolarning murojaati asosan yoʻllarni taʼmirlash, toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uy-joy bilan taʼminlash, tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish, tijorat banklaridan kredit olishda koʻmaklashish, ishga joylashish kabi muammolar haqida boʻldi.

Joyida hal etish imkoni boʻlgan murojaatlar yuzasidan talablar qanoatlantirildi. Atroflicha oʻrganishni taqozo etadigan dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan yechimini topish vakolatiga ega boʻlgan korxona, tashkilot, muassasalarga muddat belgilanib, tegishli organlar tomonidan nazoratga olingan holda topshiriqlar berildi.

Sayyor qabul davomida qayd etilgan murojaatlarning asosiy qismi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid boʻlib, barchasi nazoratga olindi va ularni hal etish boʻyicha aniq muddatlar belgilandi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.