18 +  RSS  E-mail
13:11, 12 08 2019

Qorakoʻl tumanida “Xalqaro matematika maktabi” tashkil etildi


math problems on graph paper with pencil Credit: Getty

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumanida “Xalqaro matematika maktabi”ni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi.

Mazkur qarorga koʻra, Qorakoʻl tumanidagi 1-son ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatiga “Xalqaro matematika maktabi” maqomi berildi.

Xalqaro maktab umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda aniq va tabiiy fanlar hamda chet tillarining chuqur oʻqitilishini tashkil etish, shuningdek, oʻquvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish boʻyicha amaliy ish olib boradi.

Har bir oʻquvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish Xalqaro maktabning vazifalariga kiradi.

Maktabga yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy mamlakatlardan tajribali oʻqituvchilarni jalb etish boʻyicha kerakli choralar koʻriladi.

Shu bilan birga, taʼlim muassasasi oʻquvchilarda iqtidor va isteʼdodni aniqlash hamda kamol toptirish maqsadida ularni respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlov, qolaversa boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlaydi.

Respublikadagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktablariga umumiy metodik yordam koʻrsatish maktabning vazifalaridan biridir.

Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumani, Ulugʻbek koʻchasi, 5-uyda joylashgan Qorakoʻl sanoat va transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Xalqaro maktabga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.

Hujjatga koʻra, 2019-2020 oʻquv yilidan Xalqaro maktabning 7-sinfiga 90 nafar oʻquvchi qabul qilinadi.

Xorijiy mamlakatlardan matematika faniga qiziquvchi iqtidorli oʻquvchilarning shartnoma asosida taʼlim olishiga imkoniyat yaratish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Xalqaro maktabda oʻquvchilarga yanada chuqurroq bilim berish,  ilgʻor tajribalar va oʻqitish metodikasini singdirish uchun xorijiy mamlakatlardan oʻqituvchilarni ishga qabul qilishga ruxsat berildi.

2019-2020 oʻquv yilidan boshlab Xalqaro maktab direktori, oʻrinbosarlari va oʻqituvchilariga byudjet mablagʻlari hisobidan 100 foiz qoʻshimcha ustama haq toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Xalq taʼlimi vazirligiga Xalqaro maktabga oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagog-kadrlarni jalb etish vazifasi yuklatildi.

Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.