18 +  RSS  E-mail
13:14, 12 08 2019

Elektromobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda hamkorlik oʻrnatildi


Innovatsion rivojlanish vazirligida “E-Line Kazakhstan” kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobillarni ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida vazir oʻrinbosari Oybek Norinboyev va kompaniya bosh direktori R.Dyusenov bilan uchrashuv oʻtkazildi. Bunda elektromobillarni ishlab chiqarish borasida oʻzaro hamkorlikda ishlarni olib borishga kelishib olindi.

Mazkur loyiha mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bilan birga, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga hamda muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Jahon bozorida elektromobillar savdosi 2017 yilda 2012 yilga nisbatan 10 martaga oshgan boʻlib, “Thomson Reuters” tahlilchilarining prognozlariga koʻra 2040 yilga borib elektromobillar transport vositalarining yarmidan koʻpini tashkil qiladi.

Elektromobillar quyidagi bir qancha afzalliklarga ega:

elektromobillar dvigateli atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmasligi hisobiga atrof-muhit ifloslanishining kamayishiga olib keladi;

elektromobil dvigateli elektr energiyasidan (muqobil energiyalar hisobiga) quvvat olishi sababli anʼanaviy yonilgʻi sarfini kamaytiradi;

elektromobillar bilan toʻqnashuv sodir etilganda toʻqnashuv sensori tomonidan batareyalar oʻchirilishi bilan elektromobilning avtomatik tarzda toʻxtashi va boshqa afzalliklarga egaligi sababli Tesla Model-S elektromobili 2013 yilda AQShda sinovdan oʻtgan barcha avtomobillar orasida eng yuqori xavfsizlik reytingiga sazovor boʻlgan;

ehtiyot qismlarining soni kamroq boʻlganligi elektromobilning ishonchliligini oshiradi va natijada taʼmirlash hamda texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari kamayadi;

uzoq muddatli foydalanish paytida dvigatelning nisbatan ishonchliligi va chidamliligi hamda oddiy avtoulovlarning dvigatellariga nisbatan yuqori samaradorlik koeffitsiyenti;

batareyalarni standart elektr tarmogʻidan quvvat olish imkoniyatining mavjudligi xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi;

avtomashina oʻt oldirilgan hamda harakatlanayotgan vaqtda kamroq shovqin paydo boʻladi;

elektr dvigatelning elektromagnit tormoz rejimida boʻlishi favqulodda tormozlanish imkoniyatini beradi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.