18 +  RSS  E-mail
13:04, 09 08 2019

Ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilar darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi


“Facebook” ijtimoiy tarmogʻi orqali eʼlon qilingan “Kitob ijarasiga pul topa olmagan oʻquvchiga kitob berilmagan!…” nomli maqola Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻrganildi.

Mazkur jarayonda oʻquvchilar Madina Nuriddinova hamda uning ukasi Azizbek Nuriddinov Namangan shahridagi 42-maktabda roʻyxatda turganligi aniqlandi. Oʻquvchilar M.Nuriddinova va A.Nuriddinov ota-onasining kasalligi ogʻir boʻlganligi uchun viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi qoshidagi bolalar sil kasalliklari sihatgohida davolanib, taʼlim olib kelgan.

Biroq M.Nuriddinova va A.Nuriddinovning ota-onasi 2018-2019 oʻquv yilida darsliklarni olish uchun tegishli tartibda maktabga murojaat etmagan. Bundan tashqari, oila ijtimoiy himoyaga muhtojligi toʻgʻrisida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilgan hujjatda roʻyxatda turmagan.

Oilaning moddiy yordamga muhtojligi sababli 7-sinf oʻquvchisi Madina Nuriddinova hamda 4-sinf oʻquvchisi Azizbek Nuriddinovning taʼlim olishida muammolar yuzaga kelayotganligi, xususan, ushbu oilaning moddiy ahvoli sabab opa-ukaga ijara toʻlovi asosida darsliklarni olib berishga imkoniyat yoʻqligi bayon etilgan edi.

Oʻrganish natijasiga koʻra, Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tashabbusi bilan har ikki oʻquvchi Madina va Azizbek Nuriddinovlar 7- hamda 4-sinf darsliklari bilan toʻliq bepul taʼminlandi. Bundan tashqari, Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda 2019 yil 5 avgust kuni opa-ukaga oʻquv qurollari va maktab formasi ham bepul olib berildi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining 2014 yil 20 martdagi qarori ( Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 28 aprelda 2577 raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) bilan tasdiqlangan “Umumtaʼlim maktablarini darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomi”ning 3-bob, 30-bandiga koʻra, birinchi sinf oʻquvchilari, “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari boʻlgan oʻquvchilar va ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilar umumtaʼlim maktabi kutubxona jamgʻarmasi tomonidan darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi. Bunda darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi oʻquvchilarning roʻyxati 1 sentyabrgacha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qoʻmitasining xulosasiga asosan umumtaʼlim maktabining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.