18 +  RSS  E-mail
12:59, 09 08 2019

Forish tumanida tibbiy koʻrik tashkil etildi


Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, har tomonlama yetuk va barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, bu borada esa xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Shu bois, yurtimizda xotin-qizlar sogʻligʻini mustahkam himoya qilishning huquqiy asoslari yaratilganligi, tibbiy xizmat tizimini jahon andozalari darajasiga koʻtarish, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan ham hududlarda fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, partiyaning Forish tuman Kengashi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda partiyaning “Salomatlik yoʻlida birlashaylik” loyihasi doirasida aholi uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Tibbiy koʻrik davomida fuqarolarga sogʻlom turmush tarzi, oʻzi va yaqinlarining salomatligiga eʼtiborli boʻlish, sogʻlom umr koʻrishlari boʻyicha maslahatlar berishyapti.

Shuningdek, mahallada yashayotgan yoshi ulugʻ insonlar, nogironligi bor shaxslar va bolalarning holidan xabar olinib, uy sharoitida tibbiy koʻrik tashkil etilmoqda. Sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda jismoniy tarbiya va sportning oʻrni, toʻgʻri ovqatlanish yuzasidan maslahatlar berilayotir.

Aholini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni takomillashtirish sogʻlom avlodni tarbiyalash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, aholida tibbiy etika, sanitariya-gigiyena koʻnikmalarini shakllantirish,  kasalliklarni kamaytirishda muhimdir.

Tibbiy koʻrik davomida fuqarolar oʻzlari qiziqqan savollarga toʻliq javoblar, salomatligi toʻgʻrisidagi muammolarga tegishli koʻrsatmalar olishdi.

Umida BOʻRONOVA,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP Forish tuman Kengashi raisi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.