18 +  RSS  E-mail
13:01, 09 08 2019

Deputat: “Qurilish loyihalarini eng kamida 50 yilga moʻljallab ishlab chiqish kerak”


O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi va xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda koʻchmas mulkni himoya qilishga qaratilgan amaldagi qonunlar boʻla turib, viloyatda buzilgan uy-joylar uchun kompensatsiya masalalarini oʻz vaqtida amalga oshirilishida loqayd masʼullar tomonidan yuz berayotgan qonun buzilish holatlari koʻpgina noroziliklarga olib kelayotganligi qayd etildi. Mahalliy hokimliklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish yaʼni “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Qashqadaryo viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha masʼul xodim Gʻofur Sulaymonovning hisoboti tinglandi.

— Bugungi kunda viloyatimizda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilib, mahallalar, koʻcha va yoʻllar bugungi meʼmorchilik talablariga moslashtirilmoqda. Shu bois, fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan uy-joylar, binolar, yordamchi binolar va bogʻ devorlarining bir qismini buzib olishga toʻgʻri kelmoqda. Bu boradagi ishlar esa Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi 97-sonli qaroriga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida olib borilmoqda, – deydi Gʻ.Sulaymonov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, mazkur Nizom asosida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida 1020 ta uy-joylar buzib olingan va hech qanday muammolar tugʻilmagan. Lekin tuman markazlarida boʻlayotgan amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, hali-hanuz ishga eskicha yondashish, fuqarolarning fikrlarini inobatga olmasdan, lozim boʻlsa, kuch ishlatib, davlat siyosatini amalga oshirib kelayotgan hokimlik mutasaddilari jarayon bilan bogʻliq qonun hujjatlarini toʻliq anglab yetmaganliklarini koʻrsatmoqda.

Yigʻilishda deputatlar Yakkabogʻ tumani “Eski Yakkabogʻ” qoʻrgʻonchasi hududida sodir boʻlgan nohush holatlarni qaytalanmasligi borasida oʻz munosabatlarini bildirib oʻtdilar.

— Yigʻilishda Davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasining oʻtgan davr davomidagi hisoboti bilan tanishdik, — deydi xalq vakili A.Moʻminov. – Hisobotda keltirilishicha, 269 ta yer uchastkalari tuman va shahar hokimliklari tomonidan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarish boʻyicha qaror qabul qilinmagan. Mana muammo qayerda, mahalliy hokimliklarning bu boradagi loqaydliklari natijasida, tadbirkorlar ogʻzaki tarzda kelishuvga erishib, tadbirkorligini yoʻlga qoʻymoqda. Bu notoʻgʻri. Meni taklifim, tadbirkorlarga qonun doirasida boʻsh yotgan binolar “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali ajratilsin. Shu bilan birga, qurilish loyihalari eng kamida ellik yilga moʻljallab ishlab chiqilsin. Chunki ertaga Yakkabogʻ tumanida sodir boʻlgan nohush holatlar yana qayta takrorlanmaydi, deb kim kafolat bera oladi”.

Yigʻilishda partiya faoliyatiga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.