18 +  RSS  E-mail
13:06, 09 08 2019

Buxoro viloyati hokimi tadbirkor ayolga yordam berishi kerakdir yoxud “bronejilet” kiygan oʻrinbosarlar


Men Buxoro viloyatidan tadbirkor Ziyadillayeva Fotima (+998914430530). «Erkatoy Bolajon»,»Ferangiz Fashion Textile Shoes» MChJlar rahbariman. Bolalar ortopedik poyabzali va tekstil mahsulotlarini ishlab chiqaramiz.

Hurmatli Oʻktam Isoyevich! Bilmadim bu yozayotganlarim sizgacha yetib boradimi? Afsuski arizalarim sizgacha yetib bormagan, chunki “bronejilet” kiyib oʻtirgan oʻrinbosarlaringiz bor, ular hech qachon yetkazishmaydi, chunki biznesda suyanchim faqat menda yillar davomida ishlab kelayotgan 65 nafar xotin-qizlarim va 5 nafar poyabzal ustalarim.

Koʻp marta shaxsan sizga, oʻrinbosarlaringizga joy masalasida murojaat qildim, lekin hech kanday natija yoʻq. Mana yetti yildan beri dastlab «Erkatoy Bolajon»,  keyin esa ikkinchi korxonam «Ferangiz Fashion Textile Shoes» MChJ nomidan murojaat qilganman. Lekin xuddi bizlarni eshitmayotgandaysiz. Yetti yil ichida 300 mln. soʻmdan ortiq ijara haqi toʻlab kelyapman. Bir joydan boshqa joyga, xullas loʻlilar kabi, ishchilarim bilan koʻchib yuramiz. Haqiqatdan ulardan farqimiz qolmadi. Ijaradan qiynalib turib, boshqa joyga koʻchib yuribmiz.

Ertalab turib ishdan har xil tadbirlarga borasiz, Mehribonlik uylarida, kam taʼminlanganlarni ziyorat qilasiz, yordam berasiz, axir bizning korxona ham kam taʼminlangan, binosiz tadbirkor, bizga ham joy kerak. 7 yil ichida 250 nafar ayoldan mana 70 nafari qoldi. Yiqilib turishdan charchadim.

Bugun yana ijarachim 7 mln. soʻm  ijara haqini ber, boʻlmasa DOZ-5 dagi doʻkonchilar 10 mln. soʻm ijara puli tayyor, deb zarda qiladi. Axir yaqinda may oyida 58 mln. soʻm toʻladim.

Iltimos, ertalab ishga kelayotganingizda mashinada bizning korxonamizga ham kirib oʻting. Hokimiyat shu yilda biror-bir tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga taklif qilishmaydi. 10 daqiqa vaqtingizni olamiz, iltimos!

Bilaman bu murojaatim sizgacha bormas, hech boʻlmasa “bronejilet” kiygan oʻrinbosarlaringiz oʻqib chiqarlar, ularga xushomad qilishdan charchaydi kishi. Bu biznesda qattiq qoqilaman, lekin yana turaman, izlanaman, ishchilarimga buyurtma, ish olaman, tenderlarda qatnashaman, ish haqi beraman, soliq toʻlayman, ijara haqi toʻlayman, xattoki oʻzimni shaxsiy uyim yoʻq, necha yillardan beri ijarada yashayman. Sizdan aslo uy soʻramayman, faqatgina ishlab chiqarish binosi qurish uchun yer uchastkasi bering iltimos!

Ijarada turib, ijarachidan zardalar eshitib, pul toʻlab kelishdan charchadim, axir 70 ishchi shu korxonamdan roʻzgʻorini tebratib yuribdi, qancha qozonlarni qaynatayapmiz, bir bor boʻlsa ham kam taʼminlangan tadbirkor ayolga yordam bersangiz boʻladiku. Iltimos sizlardan, Oʻktam Isoyevichga yetkazinglar, balkim ular bizning muammoni umuman bilmaslar.

Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni koʻring, uvol axir shuncha mehnat. Qaysi viloyat «Erkatoy Bolajon» poyabzalini ishlab chiqaradi. “Oʻzcharmpoyabzali” uyushmasi yordamida qaysi korxonaning Moskva savdo rastasida “Oʻzbekiston mahsuloti” deb bezab turibdi. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizdan men faxrlanaman.

“Xalq minbari”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.