18 +  RSS  E-mail
14:24, 08 08 2019

Toshkent shahridagi 81 ta maktabga asosiy kvotadan tashqari qabul


Avval xabar berilganidek, biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalarni ustuvor huquqini taʼminlash hamda qabul jarayonlarini shaffof mexanizmini joriy etish maqsadida davlat xizmatlari markazlari orqali maktablarga bolalarni qabul qilish boʻyicha maʼmuriy reglament ishlab chiqilgan edi. Shu kunga qadar Toshkent shahridagi 81 ta maktabga 4 ming nafarga yaqin tegishli mikrohududda yashayotgan oʻquvchilar hech qanday toʻsiqlarsiz, tanish-bilishchiliksiz, bepul qabul qilingani koʻpchilik ota-onalar tomonidan ijobiy eʼtirof etildi.

(maʼlumot uchun: avvalgi yillarda ushbu maktablarga biriktirilgan mikrohududdan bolalarni toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilish imkoniyati boʻlmagan, turli sunʼiy toʻsiqlar, korruptsiya holatlariga yoʻl qoʻyilib, natijada mikrohududda istiqomat qilayotgan minglab bolalar yashash manzilidan uzoqda joylashgan boshqa maktablarda oʻqishga majbur boʻlgan)

Keng jamoatchilik, ota-onalar va aholimizning fikrlarini inobatga olib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” ga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

Xususan, maktabda asosiy kvotadan keyin qolishi mumkin boʻlgan boʻsh oʻrinlarga Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadigan bir marotabalik ixtiyoriy toʻlov asosida qabul qilish tartibi boʻyicha eʼtirozlar boʻlgani sababli, ushbu bir marotabalik toʻlov butunlay bekor qilindi. Shuningdek, bolalarning qoʻshimcha kvota asosida davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilish boʻyicha undiriladigan yigʻim bekor qilindi.

Hurmatli ota-onalar!

Davlat xizmatlari markazlarida koʻpsonli xizmatlar koʻrsatilishini inobatga olib, ortiqcha navbatlarni oldini olish maqsadida hamda koʻpchilik ota-onalarning takliflarini inobatga olib joriy yilning 10 avgustidan boshlab, farzandingizni joylashtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri maktablarga murojaat qilishlaringiz mumkin.

Eslatib oʻtamiz: Toshkent shahridagi davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilinayotgan 81 ta umumtaʼlim muassasasida hozirgi kunda oʻquvchilar soni sigʻimiga nisbatan 2-3 barobar ortib ketganligi, sanitar-gigiyenik meʼyorlarga mos kelmasligi, oʻquvchilar 2-3 smenada taʼlim olishlari, sinflarda oʻquvchilar soni 45-50 nafarga yetib kelganligi bois, ushbu maktablarda oʻquvchilarni qabul qilish boʻyicha reglament ishlab chiqilgan edi. Shuning uchun, ushbu maktablarda asosiy kvotadan tashqari faqat ularning mavjud imkoniyatidan kelib chiqibgina qoʻshimcha oʻquvchi olish mumkin boʻladi.

Shu bois, Vazirlik ota-onalarga farzandlarini oʻzlarining biriktirilgan mikrohududdagi maktablarga, yaʼni Toshkent shahridagi boshqa 228 ta maktablarning biriga joylashtirishni tavsiya etadi.

Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.