18 +  RSS  E-mail
14:29, 08 08 2019

Oʻzbekistonda uch million tonna sigʻimga ega boʻlgan yirik agrologistika komplekslari barpo etiladi


Iqtisodiyot va sanoat vazirligida Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bagʻishlangan amaliy seminar oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimlari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda undagi tizim tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralar mutasaddilari, xalqaro moliya tashkilotlarining mamlakatimizdagi vakillari, tadbirkorlik subʼektlari, fermerlar, eksportyorlar qatnashdi.

Qayd etilganidek, mamlakatda yiliga oʻrtacha 16 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar, 1,5 million tonnaga yaqin goʻsht, 10 million tonnaga yaqin sut ishlab chiqarilsa-da, ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi oʻrtacha 15-20 foizni tashkil qilmoqda. Agrologistika tizimi yaxshi rivojlanmagan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va saralash xizmatlari talab darajasida emasligi hosilning qariyb 30 foizi isrof boʻlishiga olib kelmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlarni xalqaro standartlarga mos laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishda ham muammolar koʻzga tashlanadi.

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda yetishtirilayotgan sabzavot mahsulotlarining bor-yoʻgʻi 3-4 foizi, mevaning 11 foizi eksport qilinmoqda. Demak, bu borada ham hali oʻrganilishi, joriy etilishi zarur boʻlgan jihatlar bor.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 29 iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori shu kabi muammolarga tezkor yechim topish, sohaga yangi mexanizmlarni joriy etish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qarorga asosan 2019-2021 yillarda respublikaning 8 ta, yaʼni Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobiga 3 mln tonna sigʻimga ega boʻlgan yirik agrologistika komplekslari barpo etiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sigʻimi 360 ming tonna boʻlgan jami 37 ta zamonaviy agrologistika markazlari tashkil qilinadi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha jami 174 ta va oziq-ovqat sohasida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha jami 24 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshiriladi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mavjud samarasiz bogʻlar oʻrnida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 36 ming gektar intensiv bogʻlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, “Oʻzstandart” agentligining respublika hamda Namangan va Samarqand hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari huzuridagi sinov laboratoriyalarini toʻliq modernizatsiya qilish va yangi uskunalar bilan taʼminlash, oziq-ovqat sohasida 726 ta xalqaro standartlarni joriy qilish kabi chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Seminarda qishloq xoʻjaligini, investitsiya va tashqi savdoni rivojlantirish, agrosanoat tizimidagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan vazirlar va tegishli tashkilotlar rahbarlari, xalqaro moliya muassasalarining mamlakatimizdagi vakillari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ishtirokchilar Toshkent shahri va viloyatidagi ilgʻor ishlab chiqaruvchi qorxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Seminar doirasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi texnikalari koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.