18 +  RSS  E-mail
12:47, 07 08 2019

Tuya sutining siri nimada?


Tuyalar eramizdan ikki ming yil avval Arabiston yarim orolida xonakilashtirilgan. Oʻsha paytlardan beri suvsizlikka chidamli, qishning izgʻiriniyu, yozning qum-boʻronli jaziramalarini pisand qilmay, uzoq masofalarga yuk tashuvchi jonivor sifatida insonlarga beminnat xizmat qilib kelmoqda. Shu bilan birgalikda, tuyalar oʻzining shifobaxsh suti bilan ham qadrlanadi.

Qadimdan ota-bobolarimiz ushbu mahsulotdan toʻyimli taom, qolaversa, koʻpgina xastaliklarni bartaraf qiluvchi shifobaxsh oziq modda sifatida foydalanib kelishgan.

Tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino ham oʻzining «Tib qonunlari» kitobida tuya sutining shifobaxshligi xususida yozib qoldirgan.

Tuya sutida mineral moddalardan kal’tsiy, fosfor, temir, rux, mis, marganets,  natriy va boshqalar, vitaminlardan S, A, V guruhi serob boʻladi. Undagi natriy elementi sutga birmuncha shirin-nordon taʼm beradi. Tuya sutidagi temir miqdori sigir sutidagiga nisbatan 10 marta, vitamin S esa 3 marta koʻp. Tuya sutining energetik qiymati sigirnikidan biroz kam boʻlsa-da, unda uchraydigan tez hazm boʻluvchi politoʻyinmagan yogʻlar hamda antimikrob xususiyatli elementlar inson organizmi uchun juda foydali.

Tuya sutining tarkibi va shifobaxshligi u isteʼmol qiladigan ozuqa turiga ham bogʻliq. Eng shifoli sut tuyalar asosan yantoq yeb yurganda sogʻib olingani hisoblanar ekan. Yantoq suvsiz choʻllarda ham oʻsib, ozuqa qiymati jihatidan somon va shunga oʻxshash quruq hashaklardan ancha ustun turadi, tarkibida koʻp elementlar, tabiiy uglevodlar, biologik faol moddalar saqlaydi. Uning gulidan shifobaxsh dorilar tayyorlanadi. Ayniqsa, kuz tushishi bilan yantoq tanasida hosil boʻladigan shakar (yantoq shakar) oʻta shifobaxsh hisoblanib, uning barcha xususiyatlari hali oxirigacha oʻrganilmagan.

Bundan tashqari, tuya sutida boshqa hayvonlarda uchramaydigan insulinga oʻxshash oqsillar boʻlib, bu hol qandli diabetni davolashda asqatadi, undan doim tamaddi qilib turgan bemorlar qonida shakar miqdori koʻpayib ketmasligining sababi ham shunda.

Sutdagi maxsus immunoglobulinlar esa organizmga tushgan begona antitelalarni tez orada yoʻqotadi. Koʻpgina arab mamlakatlarida tuya suti sut emadigan bolalarning sevimli ozuqasi. Chunki u koʻpgina jihatlari bilan koʻkrak sutiga oʻxshash boʻlib, antibakterial va viruslarga qarshi kurashuvchi noyob suyuqlik hisoblanadi.

Ayrim kishilar sigir sutini icha olmaydi, ularda sut shakari laktozani parchalaydigan ferment-laktoza juda nofaol yoki umuman boʻlmaydi. Mana shunday kishilar ham tuya sutini bemalol ichishlari mumkin, chunki uning tarkibida laktoza ancha kam boʻladi. Yana qandli diabetni davolashda shu narsa diqqatga sazovorki, qonda shakarning koʻpayib ketmasligini meʼda osti bezidan ishlab chiqariladigan insulin gormoni taʼminlab turadi. Bu gormon esa kislotali muhitda tez parchalanib oʻz kuchini yoʻqotadi, lekin tuya sutida boʻladigan insulinga oʻxshash oqsillar meʼdadan oʻzgarishsiz ichaklarga oʻtib (chunki bunday kislotali muhitga u chidamli boʻladi) shakar miqdori oshib ketmasligini taʼminlaydi.

Tuya suti ichaklardagi foydali mikroblarni koʻpaytiruvchi probiotik ham hisoblanadi. Shuning uchun azaldan uni isteʼmol qiluvchilarda oshqozon-ichak xastaliklari tezda bartaraf boʻlgan. Hozir ushbu noyob tabiiy neʼmat xususiyatlari tadqiqotchilar tomonidan keng koʻlamda oʻrganilmoqda. Aniqlanishicha, tuya suti tanadagi yomon xolesterinlarni kamaytirib, yurak-qon tomir xastaliklarini davolashda, xususan, qon bosimini pasaytirishda muhim oʻrin tutar ekan. Yana unda shunday xususiyat borki, turli stress holatlarida kishidagi xavotirlanish, bezovtalik, qoʻrquv, toqatsizlanishning oldini olishda asqatadi.

Tuya sutidan bir qancha  taomlar, ichimliklar tayyorlash mumkin. Ularning har biri oʻziga xos maza va taʼmga, shifobaxshlikka ega boʻladi.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida Ayronchi degan qishloq boʻlib, oʻtmishda uning oʻtroq aholisi asosan tuya sutidan ayron tayyorlash bilan shugʻullangan. Ayron deganda sut biroz qayta ishlangach, achitilib olingan nordon taʼmli ichimlik tushuniladi.

Aytishlaricha, ushbu mahsulot xalq orasida jazirama kunlari issiq urishidan, chanqoqni qondirish va kayfiyatni koʻtarishda hamda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda dongʻi ketgan ichimlik hisoblangan. Hatto Buxoro amirligi davrida jazirama vaqtlari ham karvon bilan yuruvchi savdogarlar mana shu qishloqqa aynan ayron ichish uchun kelishgani haqidagi maʼlumotlar tarixiy manbalarda keltirilgan.

Boshqa davlatlarda ham tuya sutidan har xil mahsulotlar tayyorlanadi. Masalan, koʻchmanchi chorvadorlar koʻpincha tuya sutidan qimiz tayyorlashadi. Buning uchun ular teridan tayyorlangan meshga qatiqqa oʻxshash ozgina achitqi solishadi. Soʻngra yangi sogʻilgan tuya sutini mesh ichidagi achitqiga aralashtirishadi. Bir kecha-kunduzdan keyin meshni yaxshilab chayqatishadi. Qarabsizki, ot sutidan tayyorlangan qimizga nisbatan 8 foiz yogʻliroq, sal shoʻr taʼmli, quyuq ichimlik tayyor boʻladi.

Tuya sutidan tayyorlangan qatiq — shubat deyiladi. Shubat sil, oʻn ikki barmoqli ichak yarasida shifobaxshdir. Tabiblarning tavsiyasiga koʻra, ich ketishida ham tuya sutidan tayyorlangan qatiq davo boʻlar ekan. Bundan tashqari, tuya suti qonni yangilaydi.

Tuya sutini isteʼmol qilgan davrda bemor achchiq, shoʻr, dudlangan va turli konserva mahsulotlari, shuningdek, spirtli ichimliklarni ichish, sigaret chekishdan tiyilishi kerak. Chunki parhez tutish tuya sutining shifobaxsh taʼsirini oshiradi.

Shoniyoz QURBONOV,  biologiya fanlari doktori, professor

Gulnoza BURANOVA, fiziolog


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.