18 +  RSS  E-mail
12:44, 07 08 2019

Mojrum qishlogʻidagi archani Makedonskiy ekkanmi?


Forish tumani Mojrum qishlogʻining xushmanzara tabiati, maftunkor bogʻlari boshqa hududlardan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi.

“Nurota” davlat qoʻriqxonasi hududidagi qadimiy masjid xarobalari oldida joylashgan ulkan archa daraxti oʻzining goʻzalligi bilan nom qozongan. Mazkur tabiat moʻʼjizasini oʻz koʻzi bilan koʻrgani kelayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimi kun sayin koʻpaymoqda.

Bu ulkan archa daraxti “Nurota” davlat qoʻriqxonasi va qishloq chegarasida joylashgan. Archa tanasining diametri taxminan 24 metr, balandligi esa 20 metr. Dunyodagi eng yirik igna bargli daraxtlardan biri boʻlgan mazkur archaning yoshi hozirgacha aniqlanmagan. Mahalliy aholining aytishicha, archaning yerga qadalganiga taxminan 3 ming yil boʻlgan. Xoʻsh, archaning yoshi nechada? Nahotki bu ulkan tabiat moʻʼjizasi yoshi olimlarimizni qiziqtirmasa?

— Bu yerga koʻplab mamlakatlardan sayyohlar keladi, — deydi shu qishloqda yashovchi Shakarboy Shukurov. — Ammo ularni qiziqtirgan archaning yoshi bilan bogʻliq savolga hech kim aniq javob bera olmaydi. Ogʻizdan ogʻizga koʻchib kelayotgan afsonalarga koʻra, archa bir kechada paydo boʻlgan. Yana bir rivoyatga koʻra, Aleksandr Makedonskiy yuqori martabali sarkardalarini dafn qilganidan soʻng Savr archasini ekish odati boʻlgan. Shu bois bu archani Aleksandr Makedonskiy ekkan deyishadi. Ilgari daraxt tanasidagi kovak devor bilan oʻralgan va qishloq bolalari uchun maktab vazifasini oʻtagan.

Yuqorida taʼkidlanganidek, yiliga minglab sayyohlar tashrif buyursa-da, bu yerda turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha muammolar ham yoʻq emas. Chunonchi, sayyohlar uchun yetarli shart-sharoit yaratilmagan. Yoʻlning torligi, notekis va changligi, mehmonxonalarning deyarli yoʻqligi, aloqa vositalari ishlamasligi shular jumlasidandir.

Ayni paytda ichki yoʻllarning 4 kilometrini taʼmirlashga kirishilgan boʻlsa-da, qolgan qismi eʼtiborsiz qolmoqda. Xullas, ushbu hududda turizm salohiyatidan foydalanish borasida qilinadigan ishlar oz emas. Mutasaddilar bu borada nima der ekan?

Jamshid YОRBEKOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.