18 +  RSS  E-mail
14:02, 02 08 2019

Yozilmagan, ammo bilishing shart boʻlgan qoidalar bor!


Otangning uyida omonatsan, haqiqiy uying — tushgan joying. Ostonasini oʻpib kirib borasan. Bilib qoʻy: bu uyda xunuk narsa yoʻq, yomon odami ham yoʻq! Aybini yashirish va tuzatishga tinmay urinasan. «Peshonamga shu yer bitibdimi, demak bu xonadonga munosibman» deb oʻzingni baholaysan.

Oʻzing yayrashing va seni sevishlari uchun mehnatdan qochmaysan. Uyingda hamma narsaning oʻz joyi boʻlsin va hamma narsang joyida yaltirab tursin. Kir toʻplama, tushganini tushganda yuvaver! POKIZALIK, POKIZALIK VA YaNA POKIZALIK!!! Bilib qoʻy, qizimjon, baxt kir joyda toʻxtamaydi!

Tilingni yamlab yutib yuborsang ham, mayli. Hech qachon savol berma, soʻralmagan narsani aytma! Hech qachon hech kimga gap qaytarma! Odamlarning faqat fazilatlarini ayt, yomonlama. hech kimning dilini ogʻritma. Ajrimgacha borgan oilalarning yarmidan koʻpi ayollarning tili tufayli barbod boʻladi.

«Meniki. Menga qani?» degan soʻzlarni ishlatma. Hamma borada NAFSingni tiy! Bilib qoʻy, nafs balo keltiradi. Dunyodagi jami baxtsizlik nafs tufaylidir.

Hech kimni yomon koʻrma! Qasdlanma! Baxillik qilma!

Yolgʻon ishlatma, yolgʻon — harom! Uyingni kasofat bosadi!

Juftingga hech qachon «sevaman» deb aytma, qizigʻing ketadi.

Uying va qoʻlingdagi bor imkonni koʻra bil, ulardan sevin va tinmay Allohga shukur qil! Buni yurakdan qil, boʻlmasa, yangi mukofotlarini bermay turadi.

Sen borgach, juftingning fazilatlari orta borishi kerak, bu atrofga sezilsin. Shunga erishki, sen kelgach, u oila aʼzolariga avvalgidan-da eʼtiborliroq boʻlib qolsin. Iloho, omin, senga Yaratgan qulogʻi ochiq vijdon bersin, shu ishlarni bajarishga qodir boʻlgin.

Tursunoy SODIQOVA.

“Goʻzal pand va nasihatlar”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.