18 +  RSS  E-mail
13:53, 02 08 2019

Masjidga tosh otmang yoxud “Sarrafon” masjidining «maishatxonaga aylantirilgani» borasidagi uydirma xususida


Bugungi axborot xurujlari davrida oqni qoradan, saragini puchakdan ajratish uchun ham insonga teran aql-idrok, bilim va keng dunyoqarash zarurligini davrning oʻzi taqozo etmoqda. Kuni kecha Turkiya respublikasining “Haber7.com” nashri professor, doktor Ahmad Onayning Oʻzbekiston boʻylab qilgan safari taassurotlari bitilgan maqolani eʼlon qildi. Unda aytilishicha, Buxoro shahrida koʻp ming yillik tarixga ega muqaddas qadamjolarga hurmatsizlik bilan qaralayotgani, chunonchi, Buxoro shahrining Bahovuddin Naqshband koʻchasi, 78-uy manzilida joylashgan, 300 yillik tarixga ega “Sarrafon” masjidi goʻyoki “turizmni rivojlantirish” nomi ostida ichkilikxonaga — kafega aylantirilgani, masjid mehrobiga yaqin joyda esa hojatxona qurish rejalashtirilgani, yana masjiddagi eski arab yozuvida bitilgan muqaddas yozuvlar oʻchirib tashlangani haqida soʻz boradi. Goʻyoki qadim tarixga ega masjid maishatxonaga aylantirilgan. Aslida bularning bari qip-qizil boʻhtondan boshqa narsa emasligiga oʻsha manzilga borib, qadamjoni oʻz koʻzi bilan koʻrgan kishi borki, ishonch hosil qilishi tayin.

— Eski shaharning ajralmas qismi -“Toqi Sarrafon” gumbaziga tutash koʻhna masjidni buzish yoki uni maishatxonaga aylantirish aqlga sigʻmaydigan ish, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniy meros departamentining Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻi Suxrob Boboyev. — “Sarrafon” masjidi Buxoro viloyati hokimining 2008 yil 30 oktyabrdagi 204-sonli qarori bilan madaniy meros obʼekti sifatida davlat muhofazasiga olingan. Sahni 89,14 kvadrat metrdan iborat ushbu masjidning 105 kvadrat metr qismi 5 yil muddatga, yaʼni 2020 yil 31 martiga qadar Respublika Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 102-sonli qaroriga muvofiq “Buxoro viloyati Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUK tomonidan 2015 yil 4 aprelda tuzilgan uchtomonlama ijara shartnomasi asosida Buxoro shahrida faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Minzifa-Amiko” MChJ rahbari Asror Mirzayevga ijaraga berilgan. Undagi ayvonda sayyohlar va shahrimiz mehmonlari uchun yengil choy va qahvaxona tashkil qilingan boʻlib, bir qismida milliy namunadagi kiyim-kechaklar namoyishi yoʻlga qoʻyilgan. Masjid binosining janubiy qismida, yon tomonida mustaqillik davriga qadar qurilgan qoʻshimcha bino ham bor. Bu bino madaniy meros obʼekti sifatida eʼtirof etilmagan.

Turk nashrida masjidning mehrobga yaqin joyida hojatxona qurish rejalashtirilgani haqidagi iddao ham oʻz tasdigʻini topmadi. Masjid kabi uning mehrobi ham muqaddas Islom dinimizga hurmat ramzi sifatida asrab-avaylanmoqda.

Bizga maʼlum boʻlishicha, masjidga tutash barpo etilgan qoʻshimcha binoda bir paytlar hojatxona boʻlgan. Ammo masjidda olib borilgan yengil taʼmirlash ishlari jarayonida u butunlay bartaraf etilgan.

Qolaversa, uning ichki peshtoqida eski arab husnixatida bitilgan yozuvlar ham oʻchirib tashlangan degan gap ham mutlaqo yolgʻon boʻlib chiqdi. Masalaga bevosita mutasaddi idoralar rahbarlari, jurnalistlar hamrohligida muhokamaga sabab boʻlgan masjidni koʻzdan kechirish jarayonidan olingan suratlar ham ana shu fikrimizga yaqqol dalil.

Umuman, butunjahon madaniy merosini asrab-avaylashga xizmat qiluvchi YuNESKO xalqaro tashkilotining roʻyxatiga kiritilgan, muhofazasi ostiga olingan qadimiy va hamisha navqiron Buxoroi sharifning muqaddas qadamjolaridan biri va undagi holat xususida xalqaro jamoatchilikda turli notoʻgʻri xulosalar shakllanishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan noxolis va yolgʻon-yashiqdan iborat uydirmani tarqatishga turk birodarimiz, janob Ahmad Onayni nima yoki qaysi omil majbur qildi, degan tabiiy savol tugʻildi. Axir, masjidga tosh otish gunoh emasmi ?! Xulosa oʻzingizga havola, azizlar!

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati 


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.