18 +  RSS  E-mail
12:42, 31 07 2019

Navoiyda ilk bor…


Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan vohada birinchi bor yuragida tugʻma nuqsoni boʻlgan bolalar va yoshlarda bepul murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Markazda ikki kun davomida 4 nafar bemor AIK — sunʼiy qon aylantirish apparati yordamida operatsiya qilindi. Ushbu jihoz Italiyaning “Sorin” firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlib, butun dunyo tibbiyoti murakkab yurak jarrrohlik amaliyotida ana shu apparatdan foydalanadi. U muassasaga viloyat hokimligi tashabbusi bilan mahalliy byudjetdan orttirilgan mablagʻlar hisobidan olib berilgani tibbiyotimiz rivoji uchun muhim qadam boʻldi.

— Hozircha faqat kam taʼminlangan va uzoq yillardan buyon shu kasallik boʻyicha roʻyxatda turgan oila farzandlarining jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazdik, — deydi markaz bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi M.Ahmedov. — Chunki bunday operatsiyalarni amalga oshirish uchun juda katta mablagʻ talab etiladi. Yangi texnologiyaning afzalligi u maʼlum muddat yurakning funktsiyasini bevosita oʻzi bajarish imkoniga ega. Bu esa jarrohlarga amaliyot jarayonida qulaylik yaratadi.

2009 yildan buyon faqat poytaxtdagi klinikalarda bunday uskuna mavjud boʻlsa, hozirda Namangan, Xorazm va Samarqand viloyatlarida uning yordamida murakkab amaliyotlar oʻtkazilmoqda. Viloyatimizga keltirilgan ushbu zamonaviy jihoz poytaxtdagi davolash muassasalarida roʻyxatda turgan qanchalab aholining uzogʻi yaqin boʻlishiga hamda iqtisodi tejalishiga xizmat qiladi. Qiziltepa tumanining “Vangʻozi” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi 6 yoshli Asilbek Shomurodov ham tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Operatsiyadan keyin u ham roʻyxatdan chiqib, tengdoshlariday toʻrt muchasi sogʻ bolalar safidan joy oldi.

Maʼlumotlarga koʻra, respublikamizda yiliga 2,5-3 ming nafar bola yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Ammo poytaxt klinikalarida bir yilda shulardan 600 nafarinigina operatsiya qilish imkoni mavjud. Viloyatimizda esa ayni kunda 10 ming nafardan ziyod yurak nuqsoni bilan ogʻrigan yoshi kattalar turli muassasalarda jarrohlik amaliyoti uchun navbat kutishmoqda. 200 nafardan ziyod bola tugʻma yurak nuqsoni boʻyicha roʻyxatda turadi. Bu bemorlarga oʻz vaqtida va toʻlaqonli tibbiy yordam koʻrsatilsa, ularni hayotga qaytarish mumkin. Aytish kerak, har bir bemor bitta oilaning baxti va quvonchidir. Respublikamizdagi koʻplab tibbiyot muassasalarining bunday zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanishi esa qanchalab oilalarga shodlik ulashmoqda. Mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan bu kabi izchil islohotlar bugunimizning yorugʻ, ertangi kunimizning farovon boʻlishiga xizmat qiladi.

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.