18 +  RSS  E-mail
12:39, 31 07 2019

Na issigʻiga chidaymiz, na sovugʻiga


Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda «Kitob tumanida daraxtlar kesib yuborilayapti, tuman choʻlga aylanib qoldi», degan gap-soʻzlar koʻpayib ketdi. Aslida ham shundaymi? Bu fikrlar qayerdan kelib chiqayapti va qanchalik haqiqatga yaqin? Quyida shu haqda fikr yuritamiz.

Tuman madaniyat markazi orqasida Sanʼat saroyi koʻchasi bor, toʻgʻrirogʻi, bor edi. Ikki chetdagi imoratlar buzilib, yoʻl kengaygunga qadar deyarli shu koʻchadan yillab ishga qatnaganman. Torgina,  oʻydim-chuqur yoʻl, eski uylar, nuragan devorlar — mana shu edi koʻchaning qiyofasi. Baʼzan xonadon egalari  uylarining u yoq-bu yogʻini taʼmirlab qoʻyishar, ammo chiroyli imoratlar qurishga ikkilanishar, negaki, adashmasam 40-50 yildan buyon el orasida «koʻcha buzilib, katta yoʻl tusharkan», degan mish-mish yurardi.

Aslida bu mish-mish ham emas, negaki, bu yerda yashovchilar bir necha marta bu haqda rasman ogohlantirilgan ham. Shundanmi, ayrim darvozalarga taqa-taq qulf urilgan, xonadon egalari allaqachon boshqa joydan boshpana topib, chiqib ketishgandi.

Ayniqsa, keyingi yillarda buzilish haqidagi gap-soʻzlar tez-tez quloqqa chalingani uchun, ishga ketayotsam goh onaxonlar, goh otaxonlar hovlimiz qachon buzilarkan, biror gap yoʻqmi, deb soʻrab qoʻyishardi.

Nihoyat Prezidentimizning Qashqadaryoga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlari boʻyicha Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2007 yil 18 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Kitob shahrining bosh rejasiga asosan Kitob-Shahrisabz yoʻlining 0-5, Kitob-Miraki yoʻlining 0-3 kilometrini rekonstruktsiya qilishga kirishildi. Maqsad tuman markazini zamonaviy  arxitektura va shaharsozlik talablari va milliy anʼanalarga muvofiq kompleks rivojlantirishdan iborat edi. Shu tariqa Oqsuv daryosi koʻprigidan soʻng boshlangan qurilish Buyuk ipak yoʻli koʻchasining Kitob aylanma yoʻligacha davom etdi. Natijada markaziy Katta yoʻl koʻchasida sakkiz tasmali, Ipak yoʻli koʻchasida olti tasmali yoʻl qurildi.

Eʼtiborli tomoni shundaki, yoʻlning bir kilometr qismi yangidan qurildi, yaʼni Oqsuv  daryosi koʻprigidan boshlangan Katta yoʻl koʻchasi mazkur yangi yoʻl orqali Buyuk ipak yoʻli koʻchasi bilan tutashdi. Natijada odatda tez-tez kuzatiladigan tuman markazidagi tirbandlikka ancha barham berildi.

Yoʻlni kengaytirish jarayonida 43 yuridik va jismoniy shaxsning binolari aynan yoʻl mintaqasiga toʻgʻri kelgani uchun buzilishga tushdi. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga koʻra ularga qariyb 7 milliard soʻm miqdorida koʻrgan zararlari Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tarkibidagi Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruktsiya qilish direktsiyasi DUK tomonidan toʻliq qoplab berildi. Katta yoʻl, Sanʼat saroyi, Oq masjid koʻchalari boʻylab yoʻl hududiga tushgan fuqarolarga tumanning Sanam mahallasidan yer uchastkalari oʻlchab berildi.

— Esimni taniganimdan buyon hovlimiz buzilib, koʻchaga qoʻshilishi haqida eshitganman, — deydi Oq masjid koʻchasida yashagan Suhrob Tursunov. — Bir gʻishtni bu yerdan olib, u yerga qoʻyishga qoʻlimiz bormagan. Xayriyat, koʻnglimiz bir yoqli boʻldi. Avvalo yer uchastkasi oʻlchab berishdi. Keyin zararimiz qoplab berildi.

Shunga oʻxshash yoʻl-qurilish ishlari Kitob-Miraki yoʻnalishining 0-3 kilometrida ham boshlandi. Bu yoʻnalishning dastlabki bir kilometri nihoyatda tirband boʻlib, bu joydan oʻtishga haydovchilardan tortib yoʻlovchilarning ham yuragi bezillab turardi. Tirbandlik asablarni tarang qilar, ayniqsa, yoʻlning bir tomonida dehqon va buyum bozorlari, ikkinchi tomonida qator-qator savdo majmualari joylashgani holatni yanada yomonlashtirardi.

Ushbu muammoni hal qilish uchun bundan bir necha yil ilgari yoʻlni ikkiga ajratadigan panjaralar oʻrnatildi. Ammo ikki oʻn besh bir oʻttiz boʻldi. Keyin bir tomonlama yoʻl qilinib, qaytishda mashinalar shahar markaziga aylanma yoʻl orqali kirib keladigan boʻldi. Bu usul ham ish bermadi, yana norozilik kuchaydi. Fuqarolarning ariza va shikoyatlari koʻpaydi, bir gal televideniyeda ham tanqid qilindi.

Albatta, bunday sharoitda muammoning yagona yechimi — koʻchani kengaytirish edi. Shunday qilindi. Tadbirkorlarga dehqon bozori  qatoridagi binolarini oʻz mablagʻlari hisobidan rekonstruktsiya qilishga ruxsat berildi. Shu tariqa mazkur yoʻl yoqalab joylashgan 46 ta uch qavatli  imorat qurilishi poyoniga yetay deb qoldi. Yoʻlni kengaytirish, qaytadan qurish boshlandi. Joriy yilda uch kilometrli yoʻlning bir kilometri foydalanishga topshirilishi belgilangan.

Tuman markaziy koʻchalarini kengaytirish jarayonida 60 ta chinor, 21 ta sosna, 19 ta akatsiya, 23 ta boshqa turdagi daraxtlar kesildi. Hozirgacha kesilgan daraxtlar oʻrniga 170 ta kashtan, 115 ta dub, 200 ta Qrim     sosnasi, 260 ta el’dor sosnasi ekildi. Shu yilning kuzi va 2020 yilning bahor mavsumida yangidan taʼmirlangan yoʻllar boʻyida jami 1200 ta dub, 1200 ta Qrim sosnasi, 1200 ta kashtan, jami 3600 ta  daraxt koʻchatlari oʻtqaziladi. Ayni paytda tuman obodonlashtirish boʻlimining daraxt koʻchatlari yetishtirish uchastkasida 50 mingga yaqin mojjevel’nik, kashtan, dub, sosna va boshqa daraxt koʻchatlari tayyorlab qoʻyilgan. Koʻrinib turibdiki, tumanda kesilgan har bir daraxt oʻrniga oʻnlab, ehtimol, yuzlab daraxt koʻchatlari ekilayapti va ekiladi.

Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaydi, deyishadi.  Bir narsadan voz kechmay, ikkinchi narsaga erishib boʻlarkanmi? Toʻgʻri, hozir yangi ekilgan daraxtlar kichik, koʻzga tashlanmaydi. Ammo keng va ravon yoʻl, tunda yulduzday miltirab turgan koʻcha chiroqlari, piyodalar yoʻlaklari allaqachon koʻzga tashlanib, tuman markaziga salobat berib turibdi. Yangi qurilgan yoʻl atrofida besh qavatli uy-joylar qurilishi ham rejalashtirilgan. Axir bu ishlarning hammasi yurtimiz obodligi, elimiz  manfaati, tumanimiz kelajagi, taraqqiyot sari tashlanayotgan qadamlar emasmi?

Toʻgʻri, katta ishlarni amalga oshirishning oʻziga yarasha qiyinchiliklari boʻladi. Muammolarni hal qilish baʼzan vaqt talab qiladi. Pashshadan fil yasagan bilan muammo yechilib qolmaydi. Eng muhimi, tirnoq ostidan kir qidirmay yurtda boʻlayotgan yangilanishlar, oʻzgarishlarni koʻra bilishdir.

Soʻzimning soʻngida shuni aytmoqchimanki, uch-toʻrt yil soya-salqinda emas, quyosh balqib turgan yoʻlaklardan yurarmiz. Ishonchim komilki, payt kelib Kitobda bugungi obodonchilik ishlarini amalga oshirganlarga rahmat aytishadi.

Lola OʻROQOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.