18 +  RSS  E-mail
12:37, 31 07 2019

Eski shahardagi daraxtlar kesilmaydi, yertoʻlali restoran qurilmaydi!


Mamlakatimizning dunyoga mashhur sayyohlik brendiga aylangan shaharlardan biri — koʻhna va boqiy Buxoroga tashrif buyurgan sayyoh borki, oʻzi yaqindan tanishmoqchi yoki borib koʻrmoqchi boʻlgan obida va qadim meʼmoriy yodgorliklar, sayyohlik marshruti haqida batafsil maʼlumot olish, bizda yaratilgan qulayliklar, koʻrsatiladigan xizmatlardan toʻla bahramand boʻlishni istaydi, albatta. Bu uning sharif shaharga ilk qoʻygan qadami, mehmonxonaga joylashishidan boshlab, “yoʻl xaritasi” asosida kun tartibini belgilashi, umuman, safarini iliq taassurotlar bilan oʻtkazishiga bogʻliq. Bu borada zarur axborot xizmatini yoʻlga qoʻyish, xorijlik mehmonlar uchun maʼlumot almashadigan markazni barpo etish saʼy-harakati boshlangani quvonarli hol. Talab va taklifdan kelib chiqib viloyat markazining Eski shahar qismida, M.Anbar hamda B.Naqshband koʻchalari kesishmasida, aniqrogʻi, Nodir Devonbegi madrasasi orqa tomonida xuddi shunday turistik axborot markazi va qahvaxona barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan. Uning tashabbuskori, yaʼni egasi, xususiy tadbirkor Saidjon Maqsudovdir.

— Bizga tadbirkorlik otameros kasb — hunar, — deydi ana shu loyihani amalga oshirmoqchi boʻlgan tadbirkor, yosh investor Saidjon Maqsudov. — Oʻz paytida padari buzrukvorimiz Rustam Maqsudovning yelib-yugurishlari tufayli oilamiz, jumladan, men ham 17 yoshimdan Frantsiya davlati poytaxti Parij shahriga koʻchib borib, oʻsha yerda umrguzaronlik qilib, oʻzbek tilida aytsak, “Katta tijorat maktabi” deb nomlangan taʼlim dargohida oʻqib, biznes ishini oʻrganishga muvaffaq boʻldim. 23 yoshimda yuqoridagi taʼlim dargohining magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomladim. Ammo shu yoshimda bevosita otamizning yordamlari, qoʻllab-quvvatlashlari bilan Parij shahrining eng soʻlim va sayyohlik infratuzilmasi yuksak darajaga koʻtarilgan nufuzli uchta kvartalida “Nationale chayxana de BUKHARA” deb nomlangan milliy taomlar restoranimizni ochishga erishganmiz. Nokamtarlik boʻlsa-da aytish kerakki, bu Koʻhna Qitʼaning eng goʻzal va jozibador shahridagi ilk oʻzbek milliy oshxonalaridir.

Shu taxlit katta biznesga qoʻl urgan Saidjon Maqsudov xususiy firmasini ochib, hozirda ular sonini ham, sarmoyasini ham oshirishga erishdi. Kafe-restoran loyihasi qatorida  u koʻchmas mulk biznesi bilan ham shugʻullanishga kirishgan. Parijda ijaraga bergan bino-inshootlari bor. Oilasi anʼanasini davom ettirishga bel bogʻlagan tadbirkor yigit 2018 yil yoz oylaridan boshlab ukasi Suxrob Maqsudov bilan birgalikda Buxoro shahrining Eski shahar qismida turistlar uchun axborot markazi va qahvaxona barpo etish istagida. Bu istakni roʻyobga chiqarish uchun unda sarmoya bor. Eng muhimi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi “2017 va 2019 yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahrining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2980 sonli qarori ijrosidan kelib chiqib, Buxoro shahar hokimining oʻtgan yili 26 avgustida “Er uchastkasini ajratish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan va aka-uka Maqsudovlarga yuqorida koʻrsatilgan manzildan 120 kvadrat metrdan iborat yer maydoni ajratib berilgan. Obʼektning qurilish va obodonlashtirish ishlariga bevosita mutasaddi tashkilotlar, jumladan, respublika Madaniyat vazirligiga qarashli Madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi, shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi shahar boʻlimi, yer tuzish koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi, qolaversa, viloyat “Suvoqava” DUK, shahar elektr tarmoqlari, hududiy gaz taʼminoti korxonalari va yongʻin xavfsizligi boshqarmasidan ijobiy xulosalar olingan.

Xususiy investor tomoni turistik axborot markazi va qahvaxona uchun belgilangan joyda yengil konstruktsiyadan iborat bir qavatli zamonaviy bino tiklash harakatiga tushgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatdan yiroq gap-soʻzlar paydo boʻldi. Emishki, xuddi shu joyda koʻhna kentning qadimiyligiga, milliy namunadagi arnamentiga putur yetkazilib, alohida yertoʻlasiga ega ikki qavatli kafe-restoran qurilarmish. Atrofidagi yuz yillik daraxtlar, tutlar kesib tashlanishi tayin ekan. Bunday noxolis va dadil aytish mumkinki, yolgʻon maʼlumotga bevosita mutasaddilardan izoh talab etish adolatli yechimdir.

— Turistik axborot markazi va qahvaxona uchun yer maydoni ajratishda madaniy meros obʼektlari muhofaza zonasi hisobga olingani holda “6+1” metr masofada neytral joy qoldirilgan, — deydi Madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshligʻi Suxrob Boboyev. -Loyiha qurilishi “Nodir Devonbegi” madrasasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin emas. Qolaversa, oʻsha hudud tadbirkor tashabbusidan keyin bevosita Bosh boshqarma mutaxassislari va boshqarma qoshidagi Restavratsiya va muhofaza qilish ilmiy-metodik kengashi aʼzolari tomonidan atroflicha oʻrganilganidan soʻng maʼqullangandi.

— Markazning qabulxona, sayyohlarga xizmat koʻrsatish boʻlimi, rahbar xonasi, bar, fayye, keyinchalik rejalashtirilgan hojatxona qismining atrof-muhitga taʼsiri ekspertizadan oʻtkazildi, — deyiladi Buxoro viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshligʻi imzosi bilan tasdiqlangan davlat ekologik ekspertizasi xulosasida.

— Obʼektda quyidagi talablar bajarilishi shartligi uqtirilgan: qurilish davrida daraxtlarga zarar yetkazilmasin, biror bir daraxtni kesish lozim boʻlgan holda buyurtmachi tomonga xat orqali murojaat qilish zarur. Rasmiy tasdiqdan soʻnggina daraxt kesilishi yoki unga sanitar shakl berilishi mumkin. Obʼektni qurishda uning atrofidan oʻtgan tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv, aloqa va boshqa tarmoqlarning muhofaza mintaqalari saqlab qolinadi… Obʼektning ekologik talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ekspertiza xulosasi berilgan kundan eʼtiboran 3 (uch) yil muddatda yuridik kuchga egadir.

Darvoqe, obʼektda boʻlganimizda yigirmaga yaqin koʻp yillik tut daraxti, chinor va oʻndan ortiq archa daraxtiga koʻzimiz tushdi. Hudud ijtimoiy tarmoqda “bong urilganidek”, qazib tashlanmagan, aksincha, atrofi bannerlar bilan oʻralgan. Obʼekt egasi, xususiy tadbirkordan qurilish talabidan kelib chiqib daraxtlar kesib tashlanadimi, degan savolimizga “Aslo yoʻq!” degan javobni oldik.

— Bizga bino uchun ajratib berilgan yer maydoni 1,2 sotix boʻlsa, uning atrofidagi umumiy hudud 6 sotixdan kam emas, — deydi obʼekt egasi Said Maqsudov. — Biz hozirda mavjud daraxtlarni asl holicha saqlab, qolgan boʻsh maydonga manzarali daraxt nihollari oʻtqazishni, qolaversa, markaz atrofini, hovli sahni va yoʻlaklarni yashillikka burkashni loyihamizda ham koʻrsatganmiz.

Xulosa qilib aytganda, aynan “Nodir Devonbegi” madrasasi orqasida qurilishi loyihalashtirilgan turistik axborot markazi va qahvaxona shahrimiz mehmonlari uchun yana bir qulaylik, infratuzilma obʼekti. Uning Eski shaharning yaxlit koʻrinishiga, meʼmoriy obidalarimiz shakl-u shamoyiliga, atrof-muhitga hech qanday zarari yoʻq. Xususiy investorga kelsak, yaqin bir yilda inshootni qurib bitkazishni koʻzlayotgan Said Maqsudov oilasi chet eldan tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oʻrganib chiqib, Eski shaharning Xoʻja Porso koʻchasidagi xususiy egaliklarida boʻlgan 3- va 8 — uylarda, yana Bahouddin Naqshband koʻchasidagi 140-uyda zamonaviy tipdagi, jami ellikka yaqin oʻringa ega “Mehmon uylari” qurishni rejalashtirgan. Ularning har biri uchun umumiy qiymati 200 ming Yevro atrofida sarmoya ajratiladi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.