18 +  RSS  E-mail
13:43, 26 07 2019

Qishloqlardan arzon uy-joy olish tartibini bilasizmi?


Qishloqlardan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar olish uchun tegishli tuman hokimligi huzurida tashkil etilgan talabgorlarni tanlash boʻyicha doimiy ishlaydigan komissiyaga ariza topshiriladi (yozma tavsiya olish uchun).

Arizaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?

• pasport nusxasi;

• soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami nusxasi (STIR);

• oila aʼzolari pasportlari va nikoh guvohnomasi, farzandlar tugʻilganligi haqidagi guvohnomalari nusxalari;

• oila tarkibi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;

• nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh bekor qilinganligi yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi toʻgʻrisida sud qarori nusxasi;

• oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma yoki oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiya nusxasi;

• doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan toʻgʻri kelsa);

• doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar boʻyicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan toʻgʻri kelsa);

• ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish toʻgʻrisida shartnoma yoki yer resurslari va davlat kadastri tuman boʻlinmasi maʼlumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi boʻlmagan holatda);

• nogironlik guruhi koʻrsatilgan holda pensiya guvohnomasi ushbu hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) maʼlumotnoma nusxasi (oila aʼzolari orasida birinchi guruh nogironi mavjud boʻlgan holatda);

• turar joyi boʻyicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi maʼlumotnomasi yoki tumanlararo (tuman) TMEK maʼlumotnomasi.

Yozma tavsiya olish uchun qanday mezonlar inobatga olinadi?

Ariza beruvchi yozma tavsiyani olish uchun doimiy yashash joyi boʻyicha Komissiyaga quyidagi ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini tasdiqlaydigan anketa-arizani taqdim etadi:

• mulk huquqi bilan turar joyning yoʻqligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;

• boshqa oilalar bilan bir uyda yashashi;

• koʻp bolali;

• ariza beruvchi oilasining daromadi;

• bir yoki undan koʻp bola ota-onalardan biri tomonidan tarbiyalanishi va boqilishi;

• oila aʼzolari orasida surunkali kasallikning ogʻir turlaridan azob chekuvchi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj boʻlgan shaxslarning mavjudligi;

• oila aʼzolari orasida birinchi guruh nogironi mavjudligi;

• uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun 16 kv.metrdan kam boʻlmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv.metrdan kam boʻlmagan) ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.

Ariza qancha muddatda koʻrib chiqiladi?

Ariza va taqdim qilingan hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagan kundan boshlab 15 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.

Ijtimoiy ustuvorlik mezonlari qanday aniqlanadi?

Komissiya uy-joy sharoitlarini ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi yuzasidan oʻrganadi va ijtimoiy mezonlardan kelib chiqib tegishli ballar asosida ariza beruvchining ijtimoiy ustuvorligini belgilaydi.

Komissiya tomonidan ijtimoiy ustuvorlikni belgilash yakunlari boʻyicha olingan ballar koʻrsatilgan holda 2 nusxada tekshirish dalolatnomasi tuziladi va bir nusxasi imzo qoʻydirilgan holda ariza beruvchiga topshiriladi.

Arizani koʻrib chiqqanidan soʻng komissiya:

Arizani koʻrib chiqish va uy-joy sharoitlarini oʻrganish natijalari boʻyicha Komissiya bir ish kuni mobaynida ariza beruvchiga yozma tavsiya beradi yoki yozma tavsiya berishni aniq sabablarini koʻrsatgan holda rad etadi.

Yozma tavsiya olgandan soʻng qayerga murojaat qilinadi?

Yozma tavsiya ariza beruvchiga ikki nusxada beriladi:

• bir nusxasi — shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish uchun injiniring kompaniyasiga;

• ikkinchi nusxasi — doimiy yashash joyi boʻyicha tijorat bankining tegishli filialiga ipoteka krediti berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun beriladi.

Qanday hollarda yozma tavsiya berish rad etiladi?

• hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;

• hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmaganda;

• taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlanganda;

• ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji yoʻqligi holati asoslab berilganda;

• ilgari qishloq joylarda arzon uy yoki yakka tartibdagi uy olgan fuqaro yoki uning oila aʼzolari takroriy murojaat qilganda.

Arzon uy-joylar olish uchun dastlabki badal miqdori qancha?

• 0,02 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2, 3, 4, 5 qavatli koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) va 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun – 10 foiz miqdorida;

• 0,04 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2 qavatli 4 xonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 xonali arzon uy-joylar uchun – 25 foiz miqdorida.

Ipoteka kreditlari qancha muddatga beriladi?

Ipoteka kreditlari 2020 yil 1 yanvargacha boʻlgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.