18 +  RSS  E-mail
12:00, 25 07 2019

Xoja Ali Romitaniy ziyoratgohida mehmonxona ishga tushdi


Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 16-17 fevral kunlari Buxoro viloyatiga rasmiy tashrifi chogʻida Islom olamining koʻhna kentda qoʻnim topgan yetuk allomalari — Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Orif ar Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Boboyi Samosiy, Sayid Amir Kulol, Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmualarini oʻz ichiga olgan “Etti Pir” yahlit ziyoratgohini zamon talablariga mos rekonstruktsiya qilish, muqaddas qadamjolarni bir-biri bilan bogʻlovchi yangi sayyohlik yoʻnalishini ochish, hududda sayyohlikni rivojlantirishga doir koʻrsatmalar bergan edi. Ana shu taklif va tashabbusga javoban “Etti Pir” majmuiga kirgan har bir ziyoratgohda mutlaqo yangi andozadagi taʼmirlash, bunyodkorlik ishlari avj oldirildi. Jumladan, hudud toʻliq obodonlashtirilib, chegarasi alohida oʻrab olinib, masjid, muzey, namozxonlar uchun tahoratxona, diniy-maʼrifiy mavzulardagi kitoblar rastalari, choyxona va avtomobillar turar joylari hozirlanmoqda. Qadamjolarga tashrif buyuradigan ziyoratchilar uchun barcha shart-sharoitni yaratishga eʼtibor qaratilmoqda.

Qolaversa, har bir ziyoratgoh joylashgan hududda zamon talabiga javob beradigan mehmonxonalar barpo etila boshlandi. Bir-birini takrorlamaydigan dizaynga ega ushbu mehmonxonalar zamonaviy mebel, axborot kommunikatsion texnologiyalari bilan jihozlanmoqda. Shuni alohida taʼkidlash joizki, viloyatimizning Shofirkon, Vobkent, Kogon tumanlarida har biri 50-60 oʻrinli zamonaviy mehmonxonalar foydalanishga topshirildi. “Qoʻrgʻon”-“Etti Pir” majmuiga kirgan ziyorat yoʻnalishida-Romitan tumani, “Azizon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida, aniqrogʻi, Xoja Ali Romitaniy qadamjosi yonida qad rostlagan navbatdagi shinam va zamonaviy mehmonxonadir. Umumiy qiymati 5 milliard soʻmga baholangan ikki qavatli, 40 oʻrinli bu inshoot qurilishi xususiy tadbirkor Zafarbek Alimbekov va uning pudratchi korxonasi tomonidan barpo qilindi.

Mehmonxonaning tantanali ochilish marosimida viloyat hamda tuman mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, ziyoratchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Marosimda soʻz olgan viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev Prezidentimiz rahnamoligida xalq xoʻjaligining har jabhasida, jumladan, boy madaniy yodgorliklarimizni asrab-avaylash, Islom dini ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan namoyondalarimiz xotirasiga koʻrsatilayotgan hurmat-ehtirom, chunonchi, “Etti Pir” ziyoratgohlarida olib borilayotgan keng koʻlamdagi bunyodkorliklar, bu yoʻnalishda alohida turizm industriyasini yoʻlga qoʻyishda ishlab chiqilgan loyihalar xususida alohida toʻxtaldi.

Shundan soʻng alvon lenta kesilib, tadbir ishtirokchilari mehmonxona va unda ziyoratchilar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.

Taʼkidlash lozimki, mehmonxonada xorijiy va mahalliy sayyohlarga sifatli va zamonaviy xizmati koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy loyiha asosida qurilgan mehmonxonada 2-3 kishilik va oilaviy yashashga moʻljallangan xonalar mavjud.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.